Xususan, Seitnazarova Guljahan Suxanatdinovna "YAngi davr jurnalistikasida ijodiy mahoratning o'rni va ahamiyati (Qoraqalpog'iston matbuoti materiallari misolida)” mavzusidagi filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini himoya qildi. Tadqiqotda O'zbekistondagi yangilanishlar jarayonida jurnalistning o'rni, ijtimoiy mavqei, islohotlar va ularning ahamiyatini matbuotda yoritishning asosiy funktsiya va  printsiplari ilmiy-nazariy jihatdan sharhlangan, yangi davr jurnalistikasi va zamonaviy matbuotga xos xususiyatlar aniqlangan va umumlashtirilgan, jurnalistik mahoratni shakllantirish va uni rivojlantirishga doir tavsiyalar ishlab chiqilgan. Mazkur tadqiqot ishi bugungi xalqaro mediamakonda internet va raqamli texnologiyalarning shiddat bilan joriylanishi natijasida texnik imkoniyatlar birinchi o'ringa chiqib, ilmiy tadqiqotlarda ham texnokratik yondashuv ustuvorlik qilayotgan sharoitda jurnalistning ijodiy mahorati va kasbiy kompetentsiyasini o'rganganligi bilan ahamiyatlidir. 

— Media dunyosida shu qadar jiddiy o'zgarishlar yuz bermoqdaki, ularni bilish va har kungi faoliyatda unumli foydalanish kasbning muhim talabiga aylandi, — deydi Guljahan Seitnazarova. — Uning vakillari uchun esa,  zamonaviy dunyoqarash doimo birinchi darajadagi zarurat bo'lib kelgan. Bunday dunyoqarashni kechagi, bugungi va ertangi qiyoslardan aniqlab olish lozim. Mahoratli kasb egasi bo'lishning yana bir jiddiy mezoni — jurnalist shaxsi. Ijodkor vakumda yashamaydi, shuning uchun u birinchi o'rinda jurnalistika va jurnalistlar, davlat, jamiyat va fuqarolar onggida o'z materiali bilan fikr o'yg'otadi.

Yana bir doktorant Maxsumova Sadoqat Qosimjon qizining “O'zbekistonda tahririyatlar boshqaruvining shakllanishi va zamonaviy tendentsiyalari” mavzusidagi filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi nihoyatda qiziqarli va muhokamalarga boy o'tdi. Mazkur tadqiqotdan ommaviy axborot vositalari va jurnalistik ishlarning raqamlashuvi natijasida tahririyatlar menejmenti hamda ijodiy jarayonlar boshqaruvi kontseptsiyasini takomillashtirish maqsadi ko'zlangan. Ishning dolzarbligi OAV, axborot ishlab chiqarish bilan bevosita shug'ullanadigan tahririyatlar boshqaruv faoliyatini qayta ko'rib chiqish, ularni mediaboshqaruvning zamonaviy talablari asosida ilmiy tadqiq etish, ilg'or tajribalarni ommalashtirish zarurati yuzaga kelgani bilan asoslanadi. Tadqiqot natijasida bugungi konvergensiya sharoitida O'zbekistonda faoliyat yuritayotgan bosma nashrlar, telekanallar hamda internet saytlari menejmenti qaytadan ko'rib chiqilishi, bosma nashrlar bosqichma-bosqich elektron formatga o'tishi, Internet saytlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga material berishning targetlash usulidan foydalanish amaliyotini joriy qilinishi lozimligi keltirilgan.

— Guljahan va Sadoqat O'zJOKU doktoranturasining ilk qaldirg'ochlari. Ular qisqa fursat ichida o'z ishini himoya qilmoqda, — deydi universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori Nozima Muratova. — Bu borada ularga universitet ilmiy bo'limida yaratilgan sharoit va ilmiy rahbarlar ko'magi as qotdi, desak mubolg'a bo'lmaydi. O'ylaymizki, bunday himoyalarning soni kelgusida oshib boradi.

Himoya so'nggida ilmiy kengash a'zolari tomonidan ushbu mavzularni takomillashtirish bo'yicha kerakli tavsiyalarni bildirildi. Mazkur tadqiqotlar universitet ilmiy salohiyatini yuksaltirish bilan birga, amaliyotda jurnalistlarning media makondagi tendentsiyalarga moslashuvchanlik qobiliyatini oshirishga yordam berishi ta'kidlandi.

Sanobar JUMANOVA,

Hamida MIRSULTONOVA,

O'zJOKU o'qituvchilari