Har shahru kent bugun obod bog‘u bo‘ston,
O‘zbekiston kuchaymoqda, O‘zbekiston.
Dunyo davlatlari deydi: Dong‘i doston,
O‘zbekiston kuchaymoqda, O‘zbekiston.
Avval boshda sal mensimay qarashgandi,
Kimlar – qilich, kimlar-chi, tish qayrashgandi,
“Qaygacha ham borardi” deb sayrashgandi,
Qarg‘a, to‘ti bo‘lib rosa yayrashgandi.
Pufaklarday puchaymoqda ig‘vo, bo‘hton,
O‘zbekiston kuchaymoqda, O‘zbekiston.
Millatlarning birlashgan tashkilotida,
Davlatlarning har majlis-mashg‘ulotida,
O‘zbekiston: “Jafokash xalq afg‘on” deydi,
“Necha yillar chekmish ohu fig‘on” deydi.
Aytadirki: temir yo‘llar olib boray,
Uylaringga simyog‘ochlar tortib boray.
Birgalashib to‘ldiraylik kamin, deydi,
O‘z uyida o‘zgalarning g‘amin yeydi.
Neki insonparvarlikdir – kuydirib jon,
O‘zbekiston kuchaymoqda, O‘zbekiston.
Bir chiroyli yangrar tongda azonlaring,
Oyatlardan nur taratgan ayvonlaring.
O‘ttiz yillardan so‘ng, mana, Qatar keldi,
Arboblari laylaklarday qator keldi.
Bizning elga bu millatning ixlosi bor,
Uylarida Buxoriyning merosi bor.
Amir o‘zi daraxt ekdi Samarqandda,
Yer yuzini karaxt etdi Samarqandda.
Sherdor aytsin, Shohizinda yo Registon,
O‘zbekiston kuchaymoqda, O‘zbekiston.
Ey, olamga Dantelarni bergan diyor,
Petrarkani tug‘ib ko‘krak kergan diyor.
Har g‘ishting, har salobatli ustuningda,
Daholarning yemirilmas nomlari bor.
“Boburnoma” bilan keldik zabt etgali,
Chin yurakdan, chin dildan suhbat etgali.
Har neki bor bunda bari tantanavor,
Italiya, shonli diyor, shonli diyor!
Zamonaviy afsonaga o‘xshamoqda,
Qadimiy Rim o‘zi gilam to‘shamoqda,
Rumoga ham kirib kelgan ulug‘ karvon —
O‘zbekiston kuchaymoqda, O‘zbekiston.
Bordir ammo ko‘ngli bizga g‘ash davlatlar,
Bizni hasad qilguvchi badrashk davlatlar.
Yo‘q bo‘lsang gar — sariq chaqa berolmaydi,
Bor bo‘lsang gar — ko‘rolmaydi, ko‘rolmaydi.
Bizning hech bir mamlakatdan ginamiz yo‘q,
Tegadigan suqimiz yo kinnamiz yo‘q.
Bir mayizni qirqqa bo‘lib yegan xalqmiz —
Ko‘zimiz to‘q. O‘zimiz to‘q. Ko‘nglimiz to‘q.
Jaholat ham oxir topgay nihoyalar —
Ezgulikka xizmat qilsin pok g‘oyalar.
Yer yuzini egallamay hasad, riyo,
Hamkorlikni kuchaytirsin sarmoyalar.
Kim o‘qrayar, kimlar esa lolu hayron:
O‘zbekiston kuchaymoqda, O‘zbekiston.
O‘zbek desa, borlig‘ini bergan og‘am,
Izzat qilmish oliyjanob zot Erdog‘an.
Garchi olam bugun turfa fikru o‘ylovlidir,
Ulug‘ zotlar olam aro siylovlidir.
Vaqt o‘zi devonlarin sandiqlaydi,
Yunus Emro hazratlari tasdiqlaydi.
Bu olamga qancha ulug‘ xitob bergan,
Qancha ilmu irfon, qancha kitob bergan.
Aytmangizkim, kuch — urug‘da, kuch — aymoqda,
“Ota yurtim” degan ellar ko‘paymoqda,
Kitob bilan olamni zabt etmish chunon,
O‘zbekiston kuchaymoqda, O‘zbekiston.
Dunyo kezmoq — shunchaki bir sayru gashtmas,
Tamosho yo bordi-keldi degan gapmas.
Ulug‘ zotlar bekor aytmas, bekor aytmas:
Islohotlar ortga qaytmas, ortga qaytmas!
O‘zbekiston, bog‘u bo‘ston, bog‘u bo‘ston,
Kundan kunga dong‘i doston, dong‘i doston.
Olmoniyo, Majoriston, Farangiston —
Yetti iqlim davlatlari senga mehmon,
O‘zbekiston, bag‘ri osmon tanti mezbon.
Bu bir cho‘pchak emas va yo jumboq-chiston,
O‘zbekiston kuchaymoqda, O‘zbekiston.
O‘ylamangkim, men yo‘q gapni bor ayladim,
Men bor-yo‘g‘i ko‘nglimni izhor ayladim.
Bayroqlaring bir jonajon hilpiraydi,
Jonu dilim jimirlaydi, jimirlaydi.
Bir imzongda qancha oru, qancha g‘urur,
Ona yurtim, qaddingni ker, qandingni ur!
Chiqib kelding ne-ne mudhish zamonlardan,
Xudo O‘zi panoh bersin yomonlardan!
Yuzga kirgan onalarning duolari qo‘shilmoqda,
Asriy orzu-armonlaring ushalmoqda,
O‘zing bukun mardlar aro mardi maydon,
O‘zbekiston kuchaymoqda, O‘zbekiston.
Sirojiddin SAYYID,
O‘zbekiston xalq shoiri
11.06 - 9.07.2023