Oʻzbekiston Madaniyat va turizm vazirligi hamda Germaniya sayyohlik assotsiatsiyasi oʻrtasida Memorandum imzolandi

    Oʻzbekiston va Germaniya 11 - 17-may kunlari oʻtkaziladigan “Uzbekistan Destination Forum” anjumaniga hozirlik koʻrmoqda.

    Madaniyat va turizm vazirining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov, Germaniya turizm assotsiatsiyasi (DRV) prezidenti Norbert Fibig, boshqaruvchi direktor Dirk Inger, siyosiy ishlar va tashqi sayohatlar boʻlimi boshligʻi Volker Adams va tadbirlar rahbari Verena Grobjoxann oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uzbektourism.uz portalining yozishicha, uchrashuv Berlin shahridagi yirik “Messe Berlin” koʻrgazma majmuasida “ITB-Berlin” xalqaro sayyohlik yarmarkasi doirasida tashkil etildi.

    Uchrashuvda Germaniya turizm industriyasi aylanmasining qariyb 90 foizini birlashtirgan Germaniya turizm assotsiatsiyasi (DRV) bilan hamkorlikda 2023-yil 11–17-may kunlari boʻlib oʻtadigan “Uzbekistan Destination Forum” anjumani loyihasiga tayyorgarlik koʻrish masalalari muhokama qilindi.

    Germaniya turizm assotsiatsiyasi prezidenti Oʻzbekiston va Germaniya hukumatlari oʻrtasidagi oʻzaro doʻstona aloqalar hamda turizm sohasidagi ulkan salohiyatimizni inobatga olib, mazkur loyihani tashkil etishdan manfaatdor ekanligini qayd etdi.

    U, shuningdek, oʻz assotsiatsiyasi imkoniyatlaridan foydalangan holda Germaniya boʻylab Oʻzbekistonni keng targʻib qilish, marketing tadqiqotlarini oʻtkazish va yevropalik sayyohlar uchun yangi turistik yoʻnalishlarni yaratish hamda mamlakatimizni eng yaxshi yoʻnalish sifatida ochib beruvchi PR-kampaniyasini tashkil etish rejalashtirilganligini maʼlum qildi.

    Uchrashuv yakuni boʻyicha Oʻzbekiston va GFR oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida mamlakatimiz Madaniyat va turizm vazirligi va Germaniya turizm assotsiatsiyasi (DRV) Anglashuv memorandumini imzoladi.