Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva, Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Jilber Ungbo, vazirlik va idoralar, NNT, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish, undan jabrlanganlarni har tomonlama himoya qilish, majburiy mehnatning oldini olish va unga toʻliq barham berishning tashkiliy, huquqiy asoslarini mustahkamlash, bu borada olib borilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi.
Bu borada Т.Нарбаева konferensiya ijtimoiy adolatni mustahkamlash, aholi bandligi va ijtimoiy himoyasini taʼminlash, inson huquqlari institutini mustahkamlash, tengsizlik va kambagʻallikni qisqartirish, ularning oldini olish sohasidagi siyosatni takomillashtirish yoʻlidagi dastlabki qadam ekanligini alohida taʼkidladi.
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bosh direktori Jilber Ungbo Oʻzbekiston majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish boʻyicha katta yutuqlarga erishganini, bu borada XMT va boshqa davlatlar uchun namuna boʻlganini alohida taʼkidladi.
Qayd etilganidek, yurtimizda majburiy va bolalar mehnatiga toʻliq barham berildi. Munosib mehnat standartlarini joriy etishga kirishildi. Natijada, oʻzbek paxtasiga qoʻyilgan boykot bekor qilindi.
Bundan tashqari, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqiy himoyasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.
Tadbirda inson huquqlarini himoya qilish, munosib ish oʻrinlari yaratish, aholi bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoyani mustahkamlash “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining ajralmas qismi ekanligi aytib oʻtildi.
Shuningdek, Oʻzbekistonning bandlikni taʼminlash borasidagi ishlariga ham eʼtibor qaratilib, keyingi yillarda koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakatimizda ishsizlik darajasi 2020-yildagi 10,5% dan 2024-yilda 6,8 % ga tushdi.
Kambagʻallik darajasi esa 2021-yildagi 17 %dan 2023-yil soʻnggiga kelib 11%ga tushdi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston ijtimoiy adolat va munosib mehnat tamoyillarini joriy etish yoʻlidan dadil boryapti. Oʻzbekiston tomonidan Xalqaro mehnat tashkilotining 144-sonli Konvensiyasi ratifikatsiya qilingach, 2019-yilda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Ish beruvchilar respublika Konfederatsiyasi vakillaridan iborat Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha Respublika uch tomonlama komissiyasi tashkil etildi.
Anjuman doirasida “Mehnat meʼyorlari va huquqlarining bugungi kundagi holati”, “Yashil iqtisodga oʻtish uchun munosib mehnat ish oʻrinlarini moliyalashtirish” va boshqa mavzulardagi panel sessiyalar ham oʻtkazildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Yakunda konferensiya rezolyutsiyasi qabul qilindi.