Joriy yil 17-kuni Kuala-Lumpur shahrida Malayziya turizm kompaniyalari va turoperatorlari assotsiatsiyasi (MATTA) tomonidan Turizm, sanʼat va madaniyat vazirligi ko‘magida tashkil etilgan “MATTA Fair” sayyohlik ko‘rgazmasi ish boshladi.
Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan maʼlum qilinishicha, ushbu ko‘rgazmada O‘zbekiston stendi bilan Madaniyat va turizm vazirligi hamda “Uzbekistan Airways” AJ vakillaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.
Ko‘rgazmaning katta sahnasida O‘zbekistonning turizm va investitsiya salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Tadbir davomida respublikada turli jabhalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va yangilanish jarayonlari, shu jumladan, konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha atroflicha maʼlumotlar tadbir qatnashchilarining eʼtiboriga havola qilindi. Bunda mamlakatimiz iqtisodiyotida turizm ulushini yuksaltirish, zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini jadal rivojlantirish, soha xizmatlarini diversifikatsiya qilish va jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish yo‘nalishida O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, O‘zbekistonning yangi sayyohlik mahsulotlari va yo‘nalishlari, Samarqand xalqaro aeroporti va “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazida sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlarga urg‘u berildi. Oxirgi yillarda viza rejimi soddalashtirilishi natijasida 93 ta xorijiy davlat, jumladan, Malayziya fuqarolari uchun respublikaga vizasiz kirish tartibi amal qilayotgani, yana 56 ta davlat fuqarolari uchun elektron kirish vizalarini berish tizimi va 47 ta davlat uchun besh kunlik tranzit vizasiz kirish tartibi joriy qilingani taʼkidlandi.
Toshkent va Kuala-Lumpur shaharlari o‘rtasida 2022 yil noyabr oyidan eʼtiboran “Uzbekistan Airways” kompaniyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovi tiklangani qayd etildi.
Ko‘rgazma sahnasi va O‘zbekiston bo‘lmasida Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli maqomchilari, O‘zbekiston xalq artistlari Furqatbek Ashiraliyev va Elmurod Ahmedov hamda O‘zbekiston Davlat filarmoniyasining “Shodlik” ashula va raqs ansambli jamoasi vakillarining chiqishlaridan iborat rang-barang madaniy namoyishi tadbirga alohida ko‘tarinkilik bag‘ishladi. O‘zbek milliy raqs va mumtoz musiqa va ashulalari, xususan YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan “Katta ashula”, Lazgi raqsi hamda milliy urf-odatlar hamda o‘zbek milliy liboslari namoyishi tadbir qatnashchilarida unutilmas taassurot qoldirdi.
Tadbir doirasida Malayziyaning ixtisoslashgan turoperatorlari bilan uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. Xorij tomonidan O‘zbekiston sayyohlik yo‘nalishlarini, “O‘zbekiston – islom sivilizatsiyasi markazi”, “Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” kabi brendlarni birgalikda targ‘ib qilish yuzasidan jiddiy qiziqish bildirildi. Shu o‘rinda, malayziyaliklar orasida “madaniy turizm”, “ziyorat turizmi”, “Umra+”, “etnoturizm”, “gastroturizm”, “astroturizm”, “ishbilarmonlik turizmi” (MICE) kabi turpaketlarga katta qiziqish uyg‘otishi taʼkidlandi.
O‘tkazilgan muzokaralar natijasida Malayziya Turizm, sanʼat va madaniyat vazirligi ko‘magida mamlakat delegatsiyasining Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtiroki, “Andalusia Travel & Tours”, “Golden Destinations”, “Sedunia Travel”, “D Asia Travels”, “Triways Travel Network”, “Star Travel”, “Raha Legacy Holidays”, “Felda Travel” kabi yirik turkompaniyalari bilan O‘zbekistonga sayyohlarni yana-da ko‘proq jalb qilish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Malayziya turizm kompaniyalari va turoperatorlari assotsiatsiyasi (MATTA) 1975 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 3 mingdan ortiq sayyohlik kompaniyalarini o‘z atrofida birlashtiradi. MATTA butun mamlakat bo‘ylab o‘z vakolatxonalariga ega. U muntazam ravishda Malayziyaning barcha shtatlarida “MATTA Fair” sayyohlik ko‘rgazmalarini o‘tkazadi.
Ushbu tadbir bugun o‘z ishini yakunlaydi.