Oʻzbekiston merganlari Turkiyada oʻtkazilgan xalqaro musobaqada oltin medalni qoʻlga kiritdi

    Harbiy 18 May 2025 1836

    Turkiya Respublikasida 5-16-may kunlari V Xalqaro “Eng ilgʻor merganlar jamoasi” musobaqasi oʻtkazildi. 15 davlatning 40 dan ortiq jamoalari ishtirokidagi bellashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining merganlar jamoasi ham munosib qatnashdi.

    Mudofaa vazirligining xabar berishicha, Turkiyaning Isparta shahridagi “Komando” togʻ-oʻquv mashqlar markazida oʻtkazigan musobaqada Oʻzbekiston, Turkiya, Pokiston, Qatar, Ozarbayjon, Italiya, Birlashgan Arab Amirliklari singari oʻndan ortiq davlat, shuningdek kuzatuvchi maqomida Turkmaniston, Qozogʻiston, Buyuk Britaniya va Quvayt ishtirok etdi. Musobaqa ishtirokchilari guruhlarga boʻlinib, bir-biridan murakkab 15 ga yaqin shartlar boʻyicha bahs olib bordi.

    Xususan, harbiy jamoalar “Yuqori burchak ostida oʻq otish”, “Gazniqob taqib, jangovar oʻq otish”, Noaniq masofalarga noqulay istehkomdan oʻq otish», Turli toʻsiqlar ortidan oʻq otish», Havodagi vertolyotdan oʻq otish», Orolni himoya qilish va qayiqdan jangovar oʻq otish», “Nishonga sezdirmay yaqinlashib oʻq otish”, “5 km masofadan yuk va qurol bilan yugurib kelib, sovuq stvoldan oʻq otish”, “Tunda nomalum masofalarga oʻq otish” va “Syurpriz” shartlarini bajardi.

    Qariyib 10 kun davom etgan bellashuvlarda xorijiy davlat armiyalarining 48 ta jamoasi ichida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi va oltin medalga sazovor boʻldi.

    Eslatib oʻtamiz, Turkiyada oʻtkaziladigan mazkur musobaqada Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi 4-marotaba ishtirok etmoqda va 2022-2023-yillarda 2-oʻrinni hamda 2024-2025-yillarda 1-oʻrinni egallab kelmoqda.