Bugungi kunda radio kirib bormagan xonadonning o‘zi yo‘q. Internet tarmog‘i va mobil telefon apparatlarining zamonaviylashib borayotgani tufayli ham radio qamrovi kengaydi va undan yanada samaraliroq foydalanish imkoniyatlari paydo bo‘ldi. Radioning ilk bor havo to‘lqinlariga uzatilganiga yuz yildan oshdi. Oradan shuncha vaqt o‘tgani XXI asrda yangidan-yangi texnologiyalar yaratilganiga qaramay, radio hamon o‘z ahamiyatini yo‘qotmadi.
Ommaviy axborot vositalarida zamonaviy fan va texnika yutuqlaridan foydalangan holda radioda milliy media mahsulotlarini ko‘paytirish, radiotinglovchilar auditoriyasini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Milliy media birlashmasi tomonidan 13 fevral – Butunjahon radio kuni munosabati bilan “Radioda milliy kontentning o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Unda Birlashmaga a’zo teleradiojurnalistlari, mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi. Konferensiyada so‘zga chiqqan Birlashma raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja barcha radiojurnalistlarni bayram bilan tabriklab, a’zo radiokanallar faoliyati, ularning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy dasturlar sonini oshirish masalalari haqida fikrlarini bayon qildi. Shundan so‘ng, Butunjahon radio kunining asoschilaridan biri Xorxe Alvares (Ispaniya) “Zoom” orqali aloqaga chiqib, barcha o‘zbek radiojurnalistlarini bayram bilan tabrikladi.
Shuningdek, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili Annett Obolenski konferensiyada ishtirok etib, yurtimizdagi radiostansiyalar haqida to‘xtalib, tabrik nutqini o‘qib eshittirdi. Bundan tashqari, Sharqiy Yevropa radioeshittirish muhandislarining birlashmasi "IEEBE" Raisi David Robakidze (Gruziya) hamda xalqaro ekspert Ravi G.Dani (AQSH) o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Tadbir davomida, shuningdek, Radio yo‘nalishidagi yangi loyihalar taqdimoti hamda madaniy va ko‘ngilochar chiqishlar ham tashkillashtirildi. Xususan, radiojurnalist Navfal Boltayevning “Onlayn radio bilan an’anaviy radioning farqi” mavzusida nutqi eshitildi, radioboshlovchi Olimxo‘ja Azimov “Xit fm” radiosi taqdimoti hamda Birlashma tomonidan tayyorlangan “Tarixingdir ming asrlar” yangi loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, Birlashma tomonidan tayyorlangan O‘zbekiston tarixi, tarixiy faktlar va Jadidlar ijodiy merosini keng ommaga targ‘ib qilish maqsadida “Tarixingdir ming asrlar” dasturining 50 ta soni a’zo radiokanallarning efir dasturlari uchun taqdim etildi. Birlashma a’zolari “O‘zbekiston Milliy media birlashmasining 20 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.