Oʻzbekiston milliy taomlari Britaniyada oʻtkazilgan xalqaro gastronomik tanlovda birinchi oʻrinni egalladi

    Buyuk Britaniya poytaxtida “British Street Food Awards” (Britaniya koʻcha gastronomik mukofotlari — “BSFA”) tanlovi boʻlib oʻtdi.

    "Dunyo" AAning xabar berishicha, mazkur tanlovda oʻzbek oshxonasi 2000 dan ortiq ishtirokchi orasida mutlaq gʻolib deb topildi.

    “BSFA” tanlovida Londonda faoliyat yuritayotgan "Oshpaz" oʻzbek milliy taomlari brendi jamoasi yurtimiz sharafini himoya qildi. Ular tomonidan tayyorlangan milliy taomlarimiz va namoyish etilgan oʻzbek milliy oshxonasining boy anʼanalari hakamlar hamda tomoshabinlar qalbini zabt etdi. Oʻzbek milliy taomlari tayyorlanish usullari, betakror taʼmi va ajoyib koʻrinishi bilan tanlov gʻolibiga aylandi.

    Koʻcha taomlari shunchaki olib ketish uchun tayyorlangan ovqat emas. Ularda madaniyat, tarix va anʼanalar mujassam boʻlib, turli millatlar va avlodlarni birlashtiradigan muhim vosita hisoblanadi. "Oshpaz" brendining ushbu gʻalabasi jamoaga joriy yil oktyabr oyida Germaniyada boʻlib oʻtadigan Yevropa koʻcha gastronomik tanlovining finalida qatnashish imkoniyati taqdim etdi. Bu esa oʻzbek oshxonasini xalqaro maydonda keng targʻib qilish yoʻlidagi yana bir muhim qadamdir.