Bugun futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 2026-yilgi jahon chempionati saralash bosqichi doirasidagi birinchi uchrashuvini oʻtkazadi.
Oʻzbekiston terma jamoasi ushbu saralash bosqichida “E” guruhidan joy olgan. Vakillarimiz guruh bosqichida Eron, Turkmaniston va Gonkong termalari bilan oʻzaro kuch sinashadi.
Guruh bosqichining ilk oʻyini bugun Turkmaniston terma jamoasiga qarshi kechadi. Turkmaniston poytaxtida boʻlib oʻtadigan oʻyinni yaponiyalik Hiroyuki Kimura bosh hakam sifatida boshqarib boradi. Unga qanotlarda hamyurtlari Kota Vatanabe va Takumi Takagi yordam beradi.
Oʻyinda Oʻzbekiston terma jamoasi koʻk rangli libosda harakat qiladi.
Mazkur uchrashuv bugun Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da “Ashxobod” markaziy stadionida boshlanadi.