Oʻzbekiston mobil internet tezligi boʻyicha MDHda uchinchi oʻrinni egalladi

    “Speedtest Global Index” nashri 2025-yil iyun holatiga koʻra internet tezligi boʻyicha dunyo reytingi natijalarini eʼlon qildi.

    Unga koʻra, Oʻzbekiston mobil internet tezligi boʻyicha 103 davlat orasida 71-oʻrinni egalladi. Mamlakatda oʻrtacha mobil internet tezligi 55,78 Mbit/sekundni tashkil qilgan. Bu koʻrsatkich bilan Oʻzbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) davlatlari orasida Qozogʻiston va Rossiyadan soʻng, uchinchi oʻringa joylashdi.

    Dunyo miqyosida esa birinchi oʻrinni Birlashgan Arab Amirliklari (546,14 Mbit/sekund) egalladi. Ikkinchi oʻrinda Qatar (517,44 Mbit/sekund), uchinchi oʻrinda esa Quvayt (378,45 Mbit/sekund) qayd etilgan.

    Kuchli oʻnlikka shuningdek Bahrayn, Braziliya, Bolgariya, Janubiy Koreya, Xitoy, Saudiya Arabistoni va Daniya kabi davlatlar ham kirgan.

    Reytingning eng past pogʻonalarida esa Esvatini (18,36 Mbit/sek, 101-oʻrin), Belarus (17,97 Mbit/sek, 102-oʻrin) va Boliviya (13,19 Mbit/sek, 103-oʻrin) joy olgan.