“Myagkoye zoloto Rossii” — moʻyna bozoridagi muhim voqea va sanoatning ishbilarmonlik hayoti jamlangan asosiy biznes platformadir. Koʻrgazma-taqdimotda har yili Rossiya va xorijdan moʻynali kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilar, dizaynerlar, yirik multibrend doʻkonlar vakillari, moda sanoati mutaxassislari, yosh dizaynerlar oʻz loyihalarini taqdim etish uchun yigʻiladi.
Bu yil koʻrgazma “Yengil sanoat: yangi vazifalar – yangi imkoniyatlar”, “Rossiya xalq amaliy sanʼati muammolari: yechim”, “Ishbilarmonlik turizmi: yangi drayverlar”, “Ijodiy sanoat uchun kadrlar” kabi mavzularni qamrab oldi. Shuningdek, “Yengil sanoat: Sanoat rivojining drayverlari” mavzusida yalpi majlis, “Yengil sanoat yoʻnalishida xalqaro hamkorlik: mahalliy mahsulotlarni ichki va tashqi bozorda ilgari surish imkoniyatlari va strategiyalari” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Koʻrgazma doirasida, B2B biznes-muloqotlar va moʻyna sanoatini rivojlantirishga bagʻishlangan konferensiya boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekistonning ishlab chiqarish salohiyati namoyish etildi. Qorakoʻlchilik va qimmat baho moʻynali mahsulotlarni qayta tiklash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va chorvachilikni rivojlantirish yuzasidan maʼlumotlar taqdim etildi.
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi vakillari “ Semifur”, “ Namia”, “Sofia”, “Furnova”, “Manakas”, “Bel Koop Mex”, “Skiftex”, “Ekostil” va boshqa moʻyna sanoati korxonalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va yetakchi kompaniyalarni mamlakatimizga jalb etish boʻyicha muzokaralar olib bordi. Mazkur kompaniyalar kuzda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan xalqaro “UzCharmExpo-2023” koʻrgazmasida ishtirok etishini tasdiqladilar, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.