Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi yangi metro yoʻnalishidagi sharoitlarni baholadi

    Ijtimoiy hayot 26 Yanvar 2021 2516

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Achilbay Ramatovning topshirigʻiga binoan, yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish maqsadida, yaqinda qurilgan Sergeli metro yoʻnalishida Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi vakillari uchun maxsus uchrashuv tashkil etildi.

    Uchrashuvda Transport vazirining maslahatchisi, Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi, “Toshkent metropoliteni” UK rahbarining oʻrinbosari va boshqa qator masʼul shaxslar ishtirok etishdi.

    Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Farhod Abdurahmonovning taʼkidlashicha, hozirda Sergeli metro liniyasida Assotsiatsiyaning 12ta asosiy talablaridan 9tasi hisobga olingan. Shu bilan birga, nogironlar uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish boʻyicha ham aniq takliflar bildirildi. Jumladan, ushbu toifadagi odamlar uchun stansiya xodimlarini chaqirish uchun chaqiruv tugmachalarini oʻrnatish, nogironlar uchun maxsus toʻxtash joylarini belgilash, hamda metro stansiyalari yonidan oʻtuvchi avtomobil yoʻllaridan oʻtish maqsadida maxsus tugmachali svetofor, piyodalar oʻtish joyi va hokazolarni oʻrnatish imkoniyatlarini koʻrib chiqish takliflari bildirildi.

    Bundan tashqari, yangi stansiyalarning tashqi koʻrinishida zamonaviylik va milliy uslub uygʻunlashtirilganligi, metropolitenda yoʻlovchilar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida barcha sharoitlar yaratilganligi, elektron turniketlar, eskalator va liftlar oʻrnatilganligi, oʻziga xos dizayndagi qulay oʻrindiqlar va dekorativ oʻsimlik bilan bezatilganligi haqida ham toʻxtalib oʻtildi. Yangi metro liniyasi kuniga 35 mingga yaqin yoʻlovchi tashish quvvatiga ega.

    Uchrashuv yakunida, tomonlar oʻzaro imkoniyati cheklangan insonlar va boshqa metro foydalanuvchilari uchun koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini yana-da oshirish boʻyicha yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldilar, deb xabar beradi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmati.