Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan ushbu nufuzli tadbirda oʻzbek noshirlarining ishtiroki ham taʼminlandi.
2021-yilda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi tashkil topganiga 30 yil toʻladi. Shu munosabat bilan, MDH mavzusi bu yilgi Minsk xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasining markaziy eksponanti, deb eʼlon qilindi
Koʻrgazmaning markaziy ekpozitsiyasi “Yagona umumiy uy” tarzida ramziy jihozlandi. Xususan, “Mehmonxona” eksponatida MDHga aʼzo mamlakatlarining “Kitob sanʼati” xalqaro tanlovi Gran-pri sohiblari tomonidan taqdim etilgan kitoblar joy oldi. “Yozuvchi kabineti” xonasida esa MDH tarkibidagi barcha davlatlarning eng sara badiiy kitoblari joy oldi. Shuningdek, “Bolalar xonasi”, “Oshxona” va shunga oʻxshash qator “timsolli” boʻlimlar oʻz yoʻnalishi boʻyicha ishtirokchi davlatlarning nodir asarlarini taqdim etdi.
Xalqaro koʻrgazma-yarmarka doirasida, shuningdek, ilk marta davlat nashriyotlari tomonidan LitUp adabiy startapda gʻolib boʻlgan asarlarni chop etish maqsadida loyihalar tanlovi ham oʻtkazildi.
Pandemiya sharoitiga qaramay, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda tashkillashtirilgan xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasida 20 davlatdan 281 eksponat ishtirok etgani uning nufuzi ortib borayotganidan darak bermoqda. Jumladan, mamlakatimizning Gʻafur Gʻulom nomli, “Oʻzbekiston”, “Oʻqituvchi”, “Yangi asr avlodi” kabi yetakchi nashriyotlari vakillari tarixiy, ilmiy, publitsistik, adabiy-badiiy janrlarga oid sara kitoblar jamlanmalarini taqdim etdi.
Taʼkidlash joizki, noshirlik va matbaa sohasi madaniyatini namoyon etuvchi ushbu xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasida oʻzbek noshirlarining ishlari munosib baholandi.