Bugun boʻlib oʻtgan uchrashuvning ilk qismi teng kurashlar ostida oʻtdi. 21-daqiqada panamalik futbolchi Estevis Lopes penalti ishlab oldi, ammo uni golga aylantira olmadi — darvozabon Ibrohim Shokirov aniq harakati bilan toʻpni qaytara oldi.

Ikkinchi boʻlimda ustunlik butunlay oʻzbekistonlik oʻsmirlar tomoniga oʻtdi.

48-daqiqada Abubakr Shukrullayev hisobni ochdi, 52-daqiqada Sadriddin Hasanov farqni oshirdi.

67-daqiqada Sayfiddin Sodiqovning goli hisobni yirik koʻrinishga keltirdi.

Uchrashuvning soʻnggi daqiqalarida zahiradan maydonga tushgan futbolchilar ham faol ishtirok etishdi — Jamshidbek Rustamov, Asilbek Aliyev va Abdusamad Saidov toʻp kiritishga muvaffaq boʻldi.

Panama termasi faqat bitta javob toʻpi bilan cheklandi.

Natijada Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi Panamani 6:1 hisobida magʻlub etib, guruh bosqichini yuqori kayfiyatda yakunladi.