Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzolikka yanada yaqinlashdi

    Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha Pokiston va Tailand bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi.

    «Ushbu protokol [bozorga kirish boʻyicha muzokaralarni yakunlash toʻgʻrisida] qardosh mamlakatni Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzolikka yanada yaqinlashtiradi», — deb yozdi 7-dekabr kuni LinkedInʼda Pokistonning JSTdagi doimiy vakili Ali Sarfraz Husayn.

    Tailandning JSTdagi vakili Pimchanok Pitfild ham Oʻzbekistonning tashkilotga aʼzo boʻlishi toʻgʻrisidagi protokolni imzolaganini maʼlum qildi.

    “Biz Oʻzbekistonning koʻp tomonlama savdo tizimiga tezroq qoʻshilishini intiqlik bilan kutyapmiz va ishonamizki, JST oilasiga aʼzolik Oʻzbekistonga koʻproq savdo va investitsiyalar olib keladi. Ikki tomonlama darajada bu mavjud savdo aloqalarini mustahkamlash va kelajakda xalqlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilishimizning tasdigʻidir”, — dedi u.

    Oʻtgan ikki oyda Oʻzbekiston Filippin, Salvador, AQSH va Xitoy bilan ham muzokaralarni yakunlagandi.