"Dunyo" AAning xabar berishicha, Haryana shtatining Rotak shahrida tashkil etilgan Yoshlar festivali doirasida oʻtkazilgan musobaqada Oʻzbekiston, Hindiston va Rossiya kurashchilari ishtirok etdi.
Polvonlar belbogʻli kurashning klassik va erkin yoʻnalishlarida oʻzaro kuch sinashish uchun gilamga chiqdi.
Mamlakatimiz vakillari turli vaznlarda 20 ta medalni qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻldi. Hanaboy Oʻrayimov, Abbos Ahmadjonov, Murodjon Hamidov, Dostonbek Obidjonov, Samandar Abdusalomov, Azimjon Yoʻldoshev, Farangiz Abdunabiyeva va Shirinoy Yoʻldosheva oltin medallarni qoʻlga kiritdi va ularning sharafiga davlatimiz madhiyasi sadolari ostida bayrogʻimiz koʻtarildi.
Joriy yil belbogʻli kurash boʻyicha qator xalqaro musobaqalar oʻtkazilishi belgilangan. Ulardan eng yirigi – jahon chempionatini may oyida Nukus shahri qabul qiladi.