O‘zbekiston Prezidenti Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etdi

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida V Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

    "Ostona arena"da bo‘lib o‘tgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Tatariston Raisi Rustam Minnixanov va boshqa xorijiy mehmonlar ham qatnashdi.

    Musobaqada dunyoning 90 ga yaqin davlatidan 2 mingdan ortiq sportchi, jumladan, O‘zbekiston vakillari ishtirok etmoqda. Hamyurtlarimiz kurash, alish, arqon tortish, kamondan o‘q otish, poyga, pahlavonlar bellashuvi kabi yo‘nalishlarda kuch sinashadi.

    Ishtirokchilarga ko‘chmanchi xalqlarning boy madaniyati va tarixi, an’ana va urf-odatlariga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan tomoshasi namoyish etildi.

    Marosimdan so‘ng davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi. Ostona xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Qozog‘istonning Bosh vaziri Oljas Bektenov kuzatib qo‘ydi.