Suhbat avvalida Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari bir-birlarini va ikki mamlakatning qardosh xalqlarini kirib kelayotgan yangi 2021-yil bilan samimiy tabrikladilar, tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

Oʻtayotgan yilning barcha xatar va qiyinchiliklariga qaramay, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik rishtalari, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining izchil rivojlanishi taʼminlanganligi alohida taʼkidlandi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikni, shu jumladan, savdo portfelini yana-da kengaytirish, investitsiya loyihalari, sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport va energetika sohalarida aloqalarni chuqurlashtirish lozimligini qayd etdilar. Hududlar oʻrtasidagi yaqin hamkorlikni davom ettirish, madaniy-gumanitar almashinuvning keng dasturini amalga oshirishga katta eʼtibor qaratildi.

Prezidentlar, shuningdek, mintaqaviy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashib, boʻlajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Davlatimiz rahbari Qozogʻiston Prezidentiga 2021-yilda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga muvaffaqiyatli raislik qilishini tiladi.