Oʻzbekiston Prezidenti Qozogʻistonning Birinchi Prezidentini tabrikladi

    Hukumat 6 Iyul 2021 4750

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-iyul kuni Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

    Davlatimiz rahbari Elboshini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar Qozogʻiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

    Nursulton Nazarboyevning zamonaviy Qozogʻistonni barpo etish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishdagi alohida oʻrni, Oʻzbekiston-Qozogʻiston yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash hamda mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlashga qoʻshayotgan katta hissasi alohida qayd etildi.

    Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Savdo, sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, turizm sohalaridagi ustuvor loyihalarni, madaniy-gumanitar sohadagi qoʻshma dasturlarni ilgari surish muhim ekani taʼkidlandi.

    Shuningdek, mintaqaviy kun tartibi, eng avvalo, Afgʻonistonda keskinlashayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

    Boʻlajak ikki va koʻp tomonlama tadbirlar rejasi, shu jumladan Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti Faxriy raislik qilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini oʻtkazish masalasi koʻrib chiqildi.

    Ikki birodar mamlakat yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy, ishonchli va doʻstona ruhda oʻtdi.