Koʻp qirrali Oʻzbekiston-Saudiya hamkorligini yanada kengaytirish, eng avvalo, Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil avgust oyidagi Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv avvalida investitsiyalar vaziri samimiy qabul uchun Oʻzbekiston yetakchisiga minnatdorlik bildirib, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Davlatimiz rahbari ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi. Jumladan, joriy yil boshidan oʻzaro savdo hajmi qariyb 10 barobar oshdi. Mamlakatimizda Saudiya investitsiyalari ishtirokida 40 ta korxona tashkil etilgan.
Birgalikda energetika, kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi, bank, telekommunikatsiyalar, tibbiyot va turizm sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Saudiya taraqqiyot fondi koʻmagida sogʻliqni saqlash, taʼlim va suv taʼminoti sohalarida qator ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlar roʻyobga chiqarilmoqda.
Bugun Saudiya Arabistonining 30 dan ortiq yetakchi kompaniyasi ishtirokida oʻtgan biznes forumining samarali yakunlari yuksak baholandi. “ACWA Power” kompaniyasi bilan Qoraqalpogʻistonning Qoʻngʻirot tumanida uchta shamol elektr stansiyasini qurish boʻyicha investitsiya bitimi imzolangani tadbirning muhim natijalaridan biri boʻldi.
Muzokaralar chogʻida Markaziy Osiyo mintaqasida yirik infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surish masalalari ham muhokama qilindi.
Boshlangan investitsiya loyihalarining bajarilishini jadallashtirish va yangilarini tayyorlash borasidagi, shu jumladan Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi hamkorlikni yanada faollashtirishga kelishib olindi.