O‘zbekiston Prezidenti Turkiya bilan madaniy-gumanitar aloqalar jadal rivojlanayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Uchrashuv boshida yuqori martabali mehmon O‘zbekiston yetakchisiga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

    O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, madaniy-gumanitar va sayyohlik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

    Davlatlararo hamkorlikning bugungi yuksak darajasi alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo va investitsiyalar, yuk tashish hajmi, ishbilarmonlik va sayyohlik safarlari soni ortmoqda. Har hafta 90 dan ortiq aviaqatnov amalga oshirilmoqda.

    Jadal madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

    Tegishli "yo‘l xaritasi"ni tezroq qabul qilish, amaliy hamkorlikning institutsional mexanizmlarini ishga tushirish, milliy madaniyat va kino kunlarini o‘tkazish, san’at, madaniy merosni muhofaza qilish, turizm salohiyatini yuzaga chiqarish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.