Muloqot davomida soʻnggi kunlarda Yaqin Sharqda kuzatilayotgan jarayonlarning keskin tus olishi mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik hamda davlatlararo munosabatlarga jiddiy putur yetkazayotgani alohida taʼkidlandi.
Butun musulmon ummati uchun muqaddas boʻlgan Ramazon oyida mamlakatlar suvereniteti, fuqarolar tinchligi hamda osoyishtaligiga xavf tugʻdiradigan har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish, nizo va muammolarni tinch va diplomatik yoʻllar bilan hal etish zarurligi qayd etildi.
Mamlakatimiz yetakchisi bunday sinovli damlarda Iordaniya rahbariyati va xalqi bilan yakdil va birdamligini taʼkidladi.
Oʻz oʻrnida Iordaniya Podshohi ushbu sinovli kunlarda chin doʻstlik, samimiy qoʻllab-quvvatlash va hamjihatlik soʻzlari uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik izhor etdi. Yaqin istiqbolda Ammanga boʻlajak oliy darajadagi tarixiy tashrif yuksak saviyada va sermahsul oʻtishiga qatʼiy ishonch bildirdi.