Suhbat avvalida yetakchilar O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan bir-birlarini dildan qutlab, eng ezgu tilaklarini bildirdilar. Xalq Maslahati Raisi Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning ham samimiy tabriklarini yetkazdi.
O‘tgan yillarda O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlari do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchdek ezgu an’analarga tayangan holda jadal rivojlanib borgani va bugungi kunda strategik sheriklikdek yuksak darajaga ko‘tarilgani alohida qayd etildi.
Ushbu qutlug‘ kunda azaldan yaqin qardoshlik rishtalaridan kelib chiqib va o‘zaro hurmat belgisi sifatida mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stona yordam almashildi – Turkmanistondan yurtimizga suyultirilgan gaz partiyasi yetkazildi, o‘z navbatida O‘zbekistondan qo‘shni mamlakatga zamonaviy tez yordam mashinalari jo‘natildi.
Bundan tashqari, kuni kecha mamlakatlarimiz poytaxtlarida keng jamoatchilik, milliy diasporalar va diplomatik korpus vakillari ishtirokida tantanali tadbir va konsertlar bo‘lib o‘tdi.
Tovar ayirboshlashning o‘sayotgani hamda “Shovot-Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasini barpo etish bo‘yicha birgalikdagi ishlar boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Transport, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish sohasida, shu jumladan qo‘shma suv xo‘jaligi komissiyasi doirasida samarali hamkorlik davom etmoqda.
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida, shu jumladan hududlar darajasida ta’lim va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari faol ro‘yobga chiqarilmoqda.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va mintaqaviy ahamiyatga ega strategik loyihalarni birgalikda ilgari surish uchun imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Telefon orqali muloqot har doimgidek samimiy, ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.