Oʻzbekiston Prezidenti va Vengriya Bosh vaziri koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini taʼkidladilar

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-iyul kuni Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti doirasida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Oʻzbekiston-Vengriya koʻp qirrali munosabatlarining dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

    Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Barcha darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda. May oyida Toshkent shahrida qoʻshma Hukumatlararo komissiya yigʻilishi va biznes forumi samarali oʻtkazildi.

    Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki barobar oshdi, qoʻshma loyiha va korxonalar soni koʻpaymoqda, 30-iyundan Toshkent va Budapesht oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar tiklandi.

    Sanoat, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, logistika, qurilish va boshqa yoʻnalishlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Investitsiya loyihalarining yangi portfelini tayyorlash va joriy yil yakuniga qadar Qoʻqon shahrida Hududlar forumini oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.

    Taʼlim, madaniyat va sport sohalaridagi hamkorlik faollashdi. Ikki mamlakat xalqlarini yaqinlashtirishga qaratilgan madaniy tadbirlarni oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi.

    Turkiy davlatlar tashkiloti va Yevropa Ittifoqi doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.