Fransiyaning ushbu kompaniyasi qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi inshootlarni qurishda boy tajribaga ega. Hozirda dunyoning 20 mamlakatida umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda.
Uchrashuvda o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar tufayli keng qamrovli tus olgan O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidenti 2022-yil noyabr oyida Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrif doirasida iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida hamkorlik yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Shu ma’noda, “Voltalia” bilan hamkorlikda Tuproqqal’a tumanida quvvati 100 megavattli quyosh elektr stansiyasini barpo etish loyihasi doirasidagi ishlar boshlanayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Kelgusida agrovoltaika yechimlarini joriy qilgan holda uning imkoniyatlarini yanada kengaytirish mumkinligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari kompaniya bilan hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan Xorazm viloyatida akkumulatorlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va Buxoro viloyatida gibrid turdagi elektr stansiyasini qurish rejalarini qo‘llab-quvvatladi.