баннер
Sayt test rejimida ishlamoqda
Лого Лого-пв-уз

    O‘zbekiston Prezidenti XMK delegatsiyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

    Hukumat 14 Sentabr 2021 1034

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-sentabr kuni Xalqaro moliya korporatsiyasi boshqaruvchi direktori Maxtar Diop boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari tarkibida XMK ham faoliyat ko‘rsatuvchi Jahon banki guruhi bilan samarali hamkorlik izchil rivojlanayotgani va strategik sheriklik mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi.

    Ochiq va konstruktiv muloqot, hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishga o‘zaro intilishi tufayli O‘zbekistonda Jahon banki ishtirokidagi qo‘shma loyihalarning portfeli 5 milliard dollarga yetgan hamda mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha ustuvor sohalari va tarmoqlarini qamrab olgan.

    2016-yilda mamlakatimizda XMK faoliyati qayta tiklandi. O‘tgan davrda Korporatsiya amaliyotlarining hajmi uch barobar ortib, qariyb 200 million dollarni tashkil etdi.

    Bugungi kunda davlat-xususiy sheriklik tizimini rivojlantirish, transport sohasini modernizatsiya qilish, bank sektorini transformatsiya qilish, mikromoliyalash institutlarini isloh qilish, to‘qimachilik tarmog‘iga xalqaro standartlarni joriy etish va boshqa yo‘nalishlarda muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.

    Muzokaralar chog‘ida sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan sohada boshqaruv tizimini takomillashtirish va jarayonlarni raqamlashtirishga doir dastur va loyihalarda XMKning ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

    Bundan tashqari, tadbirkorlik sohasida, biznesni moliyalashtirishning samarali mexanizmlarini, davlat korxonalarini xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik tizimini rivojlantirishdagi ilg‘or tajribani joriy etish borasida hamkorlik qilish, shuningdek, O‘zbekistonda «yashil texnologiyalar»ni tatbiq etish, shu jumladan energetika va qishloq xo‘jaligidagi innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash muhim ekani ta’kidlandi.

    Qo‘shma «yo‘l xarita»sini tayyorlash va muntazam ekspertlik uchrashuvlarini o‘tkazishga kelishib olindi.