Xususan, ushbu davlatning yetakchi “Fars News” axborot agentligi “Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasiga tashrif buyuradi” sarlavhali maqolani oʻz mushtariylari oʻrtasida tarqatdi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 22-23-avgust kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻladi”, - deyiladi nashrda.
Agentlik qayd etganidek, tashrif dasturida oliy darajadagi muzokaralar hamda ikki mamlakat yetakchilari ishtirokidagi boshqa tadbirlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
“Kun tartibidan Oʻzbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ustuvor yoʻnalishlardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari oʻrin olgan, - taʼkidlanadi maqolada. - Muzokaralar yakunida ikki tomonlama bitimlar qabul qilinishi rejalashtirilgan”.
“Fars News” AA, shuningdek, 2022-yilning 21-22-iyun kunlari Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonda boʻlganini eslatib oʻtgan. “Ushbu tashrif doirasida Toshkent shahrida Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev sharafiga nomlangan koʻcha va uning yodgorligi ochildi. Tashrif davomida, shuningdek, tomonlar qator hujjatlarni imzoladilar, ikki davlat oʻrtasida strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida deklaratsiya hamda energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha «yoʻl xaritasi” qabul qilindi», - deb qayd etilgan maqolada.