Davlatimiz rahbari Islomobodda Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardoriy va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan batafsil muzokaralar oʻtkazdi. Oʻzbekiston – Pokiston doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport, logistika va gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish bilan bogʻliq asosiy masalalar muhokama qilindi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ustuvor sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli toʻplami imzolandi.
Shuningdek, Pokiston Mudofaa kuchlari Bosh qoʻmondoni – Qurolli Kuchlarning Quruqlikdagi qoʻshinlari qoʻmondoni Asim Munir, Bosh vazir oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Isʼhoq Dor bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari ikki kunlik tashrif davomida Oʻzbekiston – Pokiston biznes forumida ishtirok etdi va Pokistonning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashdi.
“Ayvoni Sadr” qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga Pokistonning oliy davlat mukofoti – “Nishoni Pokiston” ordenini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbariga Pokistonning yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan birining faxriy doktori va professori unvonlari berildi.
Pokiston poytaxtidagi koʻchalardan biriga Toshkent, yangi barpo etilayotgan bog‘ga esa Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berilgani tarixiy meros mushtarakligi, Oʻzbekiston va Pokiston xalqlarini yanada yaqinlashganining ramzi boʻldi.
Davlat tashrifi yakunlangach, Prezidentimiz Toshkentga joʻnab ketdi. “Nurxon” aeroportida oliy martabali mehmonni Pokiston Bosh vazirining maxsus maslahatchisi – sanoat va ishlab chiqarish vaziri Horun Axtar va boshqa rasmiylar kuzatib qoʻydi.