Kengaytirilgan tartibda oʻtkazilgan ushbu muloqotda ikki davlatning vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari va diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, qoʻshma tadbirlarni oʻtkazishning tashkiliy jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish sohasida qishloq xoʻjaligi texnikasi va avtomobillar, qurilish materiallari, kalsiy karbid ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish istiqbollari muhokama etildi. Shu nuqtayi nazardan, chegaraoldi hududda Sanoat kooperatsiyasi markazini tashkil etish, toʻqimachilik majmuasi va quvvati 6,7 MVt boʻlgan Kogart kichik gidroelektr stansiyasini qurish masalalari ham koʻrib chiqildi. Tomonlar investitsiya kelishuvlari toʻplamini ishlab chiqishni imkon qadar tezroq yakunlash boʻyicha kelishuvga erishdilar.
Qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilib, tomonlar birgalikda oziq-ovqat va urugʻlik kartoshka yetishtirishni tashkil etish, chorvachilik komplekslarini yaratish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, issiqxonalar uchun uskunalar va jun mahsulotlari ishlab chiqarish uchun xomashyo yetkazib berish boʻyicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.
Transport va logistika sohasidagi hamkorlik sohasida yoʻlovchi avtobuslari va temir yoʻl tashishlarini qayta tiklash, ikki davlat oʻrtasidagi aviaqatnovlar sonini koʻpaytirish, shuningdek, “Irkeshtam — Daroot — Qoʻrgʻon — Uch-Qoʻrgʻon” avtomobil yoʻlini qurish imkoniyatlari muhokama etildi. Tomonlar ushbu yoʻnalishda barcha zarur choralarni koʻrishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuvda alohida tartibda Bishkek shahrida Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Qirgʻiziston Hukumatlararo qoʻshma komissiyasining 10-yigʻilishi va biznes-forumni ikki mamlakat mintaqalari rahbarlari ishtirokida yuqori tashkiliy darajada va mazmun jihatidan boyitilgan tarzda oʻtkazish masalalarini koʻrib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama etilgan masala va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida faol hamkorlikni davom ettirishga oʻzaro sodiqlik bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.