Unda Armaniston, Belorus, Moldova, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vazirlari va vazir oʻrinbosarlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev ASM MDH masalalari boʻyicha hukumatlararo kengash raisi etib keyingi muddatga tayinlandi.

MDH agrosanoat majmuasi masalalari boʻyicha hukumatlararo kengash 1993-yil 29-martdagi Agrosanoat majmuasi sohasidagi davlatlararo hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq tashkil etilgan. Oʻzbekiston Respublikasi 2018-yilning 26-iyulida Kengash faoliyatiga toʻlaqonli aʼzo sifatida qoʻshilgan.

MDH ASM masalalari boʻyicha hukumatlararo kengash yigʻilishi doirasida bir qator masalalar, jumladan Oʻzbekiston tomonidan koʻtarilgan MDHning aʼzo davlatlari oʻrtasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini olib kirish tartiblarini soddalashtirish masalasi muhokama qilindi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjalik vazirligi matbuot xizmati.

Majlisda MDH davlatlari bilan savdo-sotiq Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilishda yetakchi oʻrinni egallashi va koʻp yillar davomida jadal surʼatlarda oʻsishni namoyish etishi taʼkidlandi.

Shuningdek, eksportga cheklovlar qoʻyilishi sababli savdo-sotiqdagi uzilishlar qator ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishiga olib kelishi mumkinligi alohida tilga olindi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda yetishtiriladigan mahsulotlarning 70-80 foizga yaqini Hamdoʻstlik davlatlariga yoʻnaltiriladi. Jumladan, uzum, karam, pomidor, oʻrik, olma, xurmo va boshqa 37 turdagi meva-sabzavot uchun MDH davlatlari asosiy xaridor hisoblanadi.