Polshaning Lodz shahrida 10-maydan 13-maygacha BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) Evropa mintaqaviy konferentsiyasining 33-sessiyasi gibrid formatda bo'lib o'tmoqda.

Ikki yilda bir marta o'tkaziladigan Mintaqaviy konferensiya rasmiy forum bo'lib, uning doirasida Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi FAOga a'zo barcha mamlakatlarning qishloq xo'jaligi vazirlari va boshqa yuqori darajadagi rasmiylari oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish masalalarini muhokama qilish uchun yig'ilishadi va bu bilan mintaqaning oziq-ovqat tizimlari barqarorligini ta'minlashga hissa qo'shishadi.

O'zbekiston Respublikasi qishloq xo'jaligi vaziri Jamshid Xodjayev konferensiyada so'zga chiqib, FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy konferentsiyasining 32-sessiyasi yakunlari bo'yicha ma'ruza qildi. Vazir o'tgan yili noyabr oyida mazkur konferensiyaning 2022-yilgacha raisi etib saylangan edi.

Vladimir Raxmanin, FAO bosh direktori o'rinbosari hamda Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy vakili ta'kidlaganidek, “Vazir Xodjayev o'z nutqida O'zbekistonda o'zi raislik qilgan FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy konferensiyasining 32-sessiyasi doirasida olib borilgan ishlarning barcha jihatlarini aks ettirib berdi. Shu nuqtai nazardan, u oziq-ovqat xavfsizligi, agro-oziq-ovqat tizimlari va boshqa ko'plab sohalarga oid masalalarga to'xtaldi. Vazir, shuningdek, mintaqa davlatlari o'rtasidagi hamkorlik va FAO bilan hamkorlik muhimligini ham ta'kidlab o'tdi. FAO mintaqaviy byurosi 2020-2022-yillarda mintaqaviy konferensiyaga samarali va konstruktiv raislik qilgani uchun vazir Xodjayevga minnatdorchilik bildiradi. Biz O'zbekiston bilan mintaqaviy va global miqyosda samarali hamkorlikni davom ettirishdan umidvormiz”.