Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Islomiy moliyaviy xizmatlar Kengashiga aʼzo boʻldi

    Moliya 23 Dekabr 2024 126

    Kengash faoliyati islomiy moliya institutlarini tartibga solish va nazorat qilish boʻyicha xalqaro standartlarni ishlab chiqish, samarali korporativ boshqaruv mexanizmlari va risk-menejment tizimini joriy qilish, shuningdek, mazkur sohada kadrlar salohiyatini oshirish, tadqiqotlar olib borish hamda ushbu masalalarda Kengashga aʼzo tashkilotlarga koʻmaklashishga qaratilgan.

    Mazkur tashkilotga aʼzolik boshqa mamlakatlar tajribasini oʻrganish va mamlakatimizda islomiy moliya institutlari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish sohasida ilgʻor xalqaro tajribani joriy etish imkonini beradi, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: Kengash 2002-yilda tashkil etilgan boʻlib, bosh ofisi Kuala-Lumpurda (Malayziya) joylashgan. Bugungi kunda Kengashning 188 aʼzosi, shu jumladan, 81 ta tartibga solish va nazorat qiluvchi organlar, 10 ta xalqaro hukumatlararo tashkilot va 97 ta bozor ishtirokchilari hisoblanadi. Shuningdek, Kengashga Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston moliyaviy regulyatorlari ham aʼzo hisoblanadi.