O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya qo'mondoni mamlakatimiz aholisiga murojaat bilan chiqdi

    Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

    Sizlarga yaxshi ma'lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda inson qadri ulug'lanadigan, qonun va adolat ustuvor bo'lgan demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar o'zining amaliy natijalarini bermoqda. Bu jarayonda ayniqsa aholi tinchligi va osoyishtaligi, fuqarolarimizning qonuniy manfaatlarini so'zsiz himoya qilish, “Xavfsiz hudud”, “Xavfsiz mahalla”, “Xavfsiz bozor” kabi tamoyillarga qat'iy amal qilgan holda, yangi O'zbekistonda xavfsiz mamlakat muhitini yaratishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 28-iyul kuni Farg'ona viloyatida o'tkazilgan yig'ilishda yurtimizda jinoyatchilikni jilovlash hamda jamoat xavfsizligini ta'minlash sohasidagi muammolarni tizimli hal etish, ayniqsa “huquqbuzarliklarning ijtimoiy profilaktikasi” usullari asosida ko'chalarimiz va mahallalarimizda osoyishta muhitni yaratish bo'yicha barcha mas'ul idora va jamoatchilik vakillarining faoliyatini samarali yo'lga qo'yib, bu borada tub o'zgarish yasash yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.

    O'zbekiston Milliy gvardiyasi organlari boshqa huquq-tartibot idoralari bilan birgalikda ushbu dolzarb vazifalarni bajarish, jamoat xavfsizligini ta'minlash, jamoat tartibini saqlash hamda xalqimizning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishda aniq reja asosida faoliyat ko'rsatmoqda. Bu jarayonda Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi yirik bozorlar, istirohat bog'lari, xiyobonlar va ommaviy tadbirlar o'tkaziladigan ob'ektlarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligi, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulki ishonchli qo'riqlanishini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.

    Qadrli hamyurtlar!

    Milliy gvardiya o'zining keng qirrali xizmat faoliyatini amalga oshirishda avvalo siz azizlarga, mahalla faollariga, el-yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashayotgan barcha fuqarolarimizga tayanadi.

    “Xavfsiz mahalla – xavfsiz turmush garovi” tamoyili asosida mahallalarda jinoyatlarning barvaqt oldini olish, ularni yuzaga keltirayotgan asil sabab va omillarni bartaraf etish, sizu bizning asosiy vazifalarimizdan biri, deb hisoblaymiz. Nega deganda, bugungi kunda mahallalardagi vaziyatni tahlil qilar ekanmiz, ming afsuski, huquqbuzarliklarni keltirib chiqarayotgan sabablardan ko'ra, ularning oqibatlariga qarshi kurashish bilan band bo'lib qolayotganimiz ayon bo'lmoqda.

    Mahallalarimizda yoshlar tarbiyasiga etarli darajada e'tibor qaratilmagani tufayli voyaga etmaganlar va yoshlar o'rtasida jinoiy va nosog'lom hayot tarzini targ'ib qilish holatlari ko'paygani ham salbiy vaziyatning kuchayishiga olib kelmoqda. Bunga barham berish uchun avvalo mahallalarda jinoyat sodir etilishiga imkon berayotgan omillarni aniqlab, ularni bartaraf etishimiz zarur.

    Davlatimiz rahbarining ko'rsatma va topshiriqlari asosida Milliy gvardiya bu borada o'zining barcha kuch va imkoniyatlarini jalb etgan holda, tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni aniq belgilab oldi.

    Birinchidan, bugungi kunda ayrim bozorlar, istirohat bog'lari va xiyobonlar texnik va xavfsizlik vositalari bilan etarli darajada jihozlanmagani hamda jamoat nazorati maskanlari mavjud emasligi oqibatida jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilmoqda hamda favqulodda holatlar yuzaga kelmoqda.

    Bunday salbiy holatlarning oldini olish maqsadida, avvalambor O'zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti tomonidan ilmiy yondashgan holda yaratilgan “Qo'qon tajribasi” barcha hududlardagi bozorlarda joriy etiladi.

    Viloyatlar markazlaridagi yirik bozorlar, istirohat bog'lari va xiyobonlarning ma'muriyati bilan birgalikda ob'ektlarning asosiy kirish joylariga shaxsni yuzidan tanib oladigan videokameralarni o'rnatish choralari ko'riladi.

    Jamoat tartibini saqlash, yong'in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish samaradorligini oshirish maqsadida, qo'shimcha videokuzatuv kameralari o'rnatiladi va Yagona monitoring markaziga integratsiya qilinadi.

    Bozorlar, istirohat bog'lari va xiyobonlardagi savdo ob'ektlari individual qo'riqlash bo'yicha signalizatsiya vositalari hamda ular joylashgan hududlar “Tashvish” tugmalari bilan bosqichma-bosqich jihozlanadi. Ushbu ob'ektlarga qarashli maydonlar va ularning yon-atrofida tushuntirish, targ'ibot ishlari hamda fuqarolarni ogohlikka chaqirishga qaratilgan chora-tadbirlar kuchaytiriladi.

    Bir so'z bilan aytganda, biz bu ishlarimizni tubdan ko'rib chiqqan holda, davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda zarur choralarni ko'ramiz. Natijada “Xavfsiz bozor”, “Xavfsiz dam olish maskani” kontseptsiyalarning hayotga tatbiq etilishiga erishamiz.

    Ikkinchidan, mahallalarda huquqbuzarlikning oldini olish bo'yicha yangi tizim va amaliyot joriy etilib, mulkiy va jamoat tartibiga qarshi qaratilgan jinoyatlar sodir etilishi ehtimoli yuqori bo'lgan ob'ektlarda doimiy kuzatuv yo'lga qo'yiladi.

    Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan binolar yoki ularga kirish yo'laklariga o'rnatilgan videokuzatuv moslamalarini o'zida birlashtiradigan “E-Hamkor” dasturi tatbiq etilib, ushbu dastur ichki ishlar organlarining hududiy situatsion markazlariga integratsiya qilinadi.

    “Qizil” toifali mahallalarda jinoyatchilikni jilovlashga ilmiy nuqtai nazardan yondashish va bu yo'nalishdagi ishlarni maqsadli tashkil etish uchun, Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmalarida Jamoat xavfsizligi universitetining amaliy laboratoriyalari tashkil etiladi. Bunda hududlarning o'ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishiga zamin yaratadigan omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo'yicha ilmiy asoslangan ish usullari ishlab chiqiladi va amaliyotga tatbiq etib boriladi.

    Amaliy laboratoriya xodimlari mahallalarda ish olib borayotgan shaxsiy tarkibning ma'muriy huquqni qo'llash amaliyoti bo'yicha bilim va ko'nikmalarini shakllantiradi, mahallalardagi “ettilik” bilan hamkorlikda “Tinch va ahil oila”, “Jinoyatdan xoli mahalla” va “Raqamli mahalla” ilmiy-amaliy loyihalari doirasida faoliyat ko'rsatadi.

    Jinoyatlarning oldini olish borasida mahallalardagi hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha “Fuqarolar bilan ishlash moduli” asosida uzluksiz o'qitish tizimi tashkil etiladi.

    Uchinchidan, maktablarimizda xavfsiz muhitni yaratishga, o'quvchilarga nisbatan jismoniy xavf-xatarlarni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida shahar-tuman markazlaridagi barcha ta'lim muassasalariga “tashvish” tugmalari va videokuzatuv moslamalari o'rnatildi hamda Milliy gvardiya qo'riqloviga olindi.

    Kelgusida ham ta'lim muassasalarining qo'riqlov tizimini takomillashtirish borasida “Xavfsiz ta'lim” kontseptsiyasi joriy etilib, bu sohada keng ko'lamli ishlarni davom ettiramiz.

    To'rtinchidan, fuqarolarning yashash joyidagi mol-mulkini ishonchli qo'riqlash, ularni noqonuniy egallash holatlarining barvaqt oldini olish va o'z vaqtida chek qo'yishni – oldimizdagi asosiy maqsadlaridan biriga aylantiramiz! Ishontirib aytamanki, bu borada Milliy gvardiyada barcha zarur zamonaviy texnik qo'riqlash vositalari, dasturlari va uskunalari mavjud bo'lib, fuqarolarimizning mol-mulkini kafolatli qo'riqlov tizimi qamrovi kengaytiriladi.

    Shu bois, aholimizga o'z uylarida texnik qo'riqlov tizimlarni hamda tashvish tugmalarni o'rnatishni tavsiya etaman, uzoq yillar davomida halol mehnati bilan to'plagan mol-mulki va moddiy boyliklarini saqlashga beparvo bo'lmasligi hamda o'zgalar tomonidan tajovuz qilinishiga sharoit yaratib qo'ymasliklarini so'rab qolaman.

    Hurmatli vatandoshlar!

    Barchamiz hayot tajribamizdan yaxshi bilamiz, bu dunyoda hech kim jinoyatchi yoki huquqbuzar bo'lib tug'ilmaydi. Ayrim insonlarning ana shunday xatoga yo'l qo'yishiga ularning atrofidagi muhit, muayyan sharoit sabab bo'ladi.

    Shunday ekan, azizlar, keling hammamiz bir tanu bir jon bo'lib, avvalambor, ana shunday salbiy muhitni, jinoyatchilikka sabab bo'layotgan sharoitlarni bartaraf etaylik!

    Unib-o'sib kelayotgan farzand va nabiralarimizning buguni va kelajak taqdiri uchun mas'uliyat va javobgarligimizni bir necha bor oshirib, doimo hushyor va ogoh bo'lib, ularning baxti va kamoli uchun oila, mahalla va jamiyatda avvalo sog'lom muhit barqaror bo'lishiga erishaylik!

    Ko'pni ko'rgan, olijanob xalqimizning “Bir bolaga etti mahalla ham ota, ham ona” degan ibratli naqliga amal qilib, birinchi navbatda o'z jigarbandlarimiz, qolaversa, qo'ni-qo'shnilarimiz, yoru birodarlarimiz farzandlariga, mahallalarimiz bolalarining yurish-turishi, ta'lim-tarbiyasiga e'tiborli bo'laylik!

    Shu aziz vatan – yangi O'zbekiston barchamizniki. Jonajon yurtimizdagi tinch va osoyishta, farovon hayotni ko'z qorachig'idek asrab-avaylash va yanada mustahkamlash barchamizning muqaddas burchimiz.

    Hech qachon unutmaylik, erkin va farovon hayotimizning eng muhim sharti bo'lgan ana shunday dolzarb vazifalarni o'zimiz bajarmasak, hech kim chetdan kelib, biz uchun qilib bermaydi.

    Shunday ekan, barchamiz avvalo o'zimizning huquqiy ong va madaniyatimizni, ota-bobolarimiz an'analariga sadoqatimizni namoyon etaylik, qonun va qoidalarga qat'iy amal qilib, jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlariga murosasiz bo'lib, ularga qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yaqindan yordam beraylik!

    Ko'pmillatli xalqimiz, kelajagimiz egalari bo'lgan aziz farzand va nabilarimizning baxtli va farovon hayotining asosiy kafolati ham aynan shundadir.

    Rustam JO'RAYEV,

    O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo'mondoni