O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida

    Hujjatlar 26 Fevral 2021 9817

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

    Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, agrar sohaning barcha tarmoqlarini moliyalashtirish, ichki bozorda narx barqarorligini ta’minlash, yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, agrar sohani mexanizatsiyalash, mahsulot yetishtirish, xarid qilish va sotishda bozor tamoyillarini keng joriy etish maqsadida:

    1. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligining qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishning qo‘shimcha mexanizmlari va moliyaviy vositalarini joriy etishni kengaytirish maqsadida Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarishga doir taklifi ma’qullansin.

    2. Belgilansinki:

    a) agrotexnik tadbirlarni, jumladan, kuzgi shudgorlashni va ekin maydonlariga mineral o‘g‘itlarni solishni o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida 2022 yil hosilidan boshlab paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish tegishli moliya yilidan oldingi yilning 1 noyabridan boshlanadi;

    b) paxta yig‘im-terimi uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining bir qismini qoplash uchun kompensatsiya to‘lash Jamg‘arma hisobidan amalga oshiriladi.

    Bunda:

    milliy valyutada ajratiladigan tijorat kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismini;

    xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar bo‘yicha tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya kreditning dastlabki 9 oyi uchun to‘lanadi.

    Qishloq xo‘jaligi vazirligi Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    3. Sabzavot yetishtirish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2021 yilda:

    sabzavotchilik klasterlari, fermer xo‘jaliklari va boshqa sabzavot yetishtiruvchilarga tijorat banklari tomonidan 9 oy muddatga yillik foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasida (shundan, bank marjasi 2 foiz) yetishtiriladigan sabzavot qiymatining 40 foizigacha miqdorda kredit ajratiladi;

    sabzavot yetishtirish xarajatlarini kreditlash uchun Jamg‘arma tomonidan 9 oy muddatga yillik foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasidan ikki foiz punkt kamaytirgan holda tijorat banklariga joylashtiriladi;

    tijorat banki tomonidan kreditlar bitimda belgilangan muddatda qaytarilmasa, kreditlarning qaytarilmagan qismiga foizlar Markaziy bankning asosiy stavkasiga 6 foiz punkt qo‘shib hisoblanadi.

    2022 yil hosilidan boshlab, asosiy maydonlarda sabzavot yetishtirish uchun ajratiladigan tijorat kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan qismi uchun kompensatsiya to‘lash tizimi joriy etiladi.

    4. 2021 yildan boshlab Jamg‘armaga quyidagilarni moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan mablag‘ ajratilsin:

    jalb qilingan chet el kreditlari bo‘yicha valyutaning ayirboshlash kursining o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan zarar;

    paxta yig‘im-terimi uchun qishloq xo‘jaligi korxonalariga ajratiladigan tijorat kreditlari bo‘yicha foiz stavkaning bir qismini qoplash uchun to‘lanadigan kompensatsiya;

    moliyaviy taqchillikni bartaraf etish uchun jalb etilgan mablag‘lar, shu jumladan, byudjet ssudasi va tijorat banklariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun joylashtirilgan resurslarning foiz stavkalari o‘rtasida yuzaga keladigan salbiy tafovut.

    Moliya vazirligi mazkur bandda ko‘zda tutilgan maqsadlar uchun mablag‘larni 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyalashtirsin va 2022 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.

    5. Quyidagilar Jamg‘armaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

    paxta xomashyosi va bug‘doy yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish;

    asosiy maydonlarda ekiladigan sabzavot mahsulotlarini yetishtirishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;

    ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash uchun zarur bug‘doyni bozor narxlarida xarid qilish va birja savdolariga qo‘yish;

    fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga zamonaviy, yuqori samarali qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;

    qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish va hisob-kitob tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

    rivojlangan davlatlarning agrar sohasini moliyalashtirish bo‘yicha tajribasini o‘rganish hamda ularni respublikada joriy qilish.

    6. Belgilansinki:

    a) quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning asosiy manbalari hisoblanadi:

    tijorat banklariga maqsadli hamda lizing tashkilotlariga qishloq xo‘jaligi texnikasini lizing shartlarida yetkazib berishni moliyalashtirish uchun joylashtirilgan kredit resurslari hamda qarz mablag‘larini qaytarishdan tushadigan tushumlar va ularga hisoblangan foiz to‘lovlari;

    Jamg‘arma tomonidan sotib olingan bug‘doyni xarid qilish (sotib olish, saqlash, tashish va sotish xarajatlari bilan birga) va sotish narxlari o‘rtasida yuzaga kelgan ijobiy tafovut;

    jalb qilingan chet el kreditlari bo‘yicha valyutaning ayirboshlash kursining o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan zararni qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratilgan mablag‘lar;

    jalb etiladigan kreditlar, shu jumladan, chet el kreditlari va investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari grantlari va donor tashkilotlarining mablag‘lari;

    Jamg‘armaning mablag‘larini tijorat banklariga depozitga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

    qishloq xo‘jaligi texnikasi lizing yoki kredit shartlarida xarid qilinganda ularning foiz xarajatlari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish uchun subsidiya hamda kombaynlarni xorijda xizmat ko‘rsatishi (xizmatlar eksporti) uchun tashish transport xarajatlariga kompensatsiya to‘lashga O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratilgan mablag‘lar;

    paxta yig‘im-terimi uchun ajratiladigan tijorat kreditlar bo‘yicha foiz stavkaning bir qismini qoplashga kompensatsiya to‘lash uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratilgan mablag‘lar;

    moliyaviy taqchillikni bartaraf etish uchun jalb etilgan mablag‘lar, shu jumladan, byudjet ssudasi va tijorat banklariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun joylashtirilgan resurslarning foiz stavkalari o‘rtasida yuzaga keladigan salbiy tafovutni qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratilgan mablag‘lar;

    byudjet tizimining byudjetlaridan jalb qilinadigan mablag‘lar;

    qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    b) jamg‘arma mablag‘lari quyidagi maqsadlar uchun sarflanadi:

    paxta xomashyosi, bug‘doy hamda asosiy maydonlarda ekiladigan sabzavot mahsulotlarini yetishtirishni moliyalashtirish uchun tijorat banklariga resurs joylashtirish;

    G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etishni muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi taklifiga asosan tijorat vakili bilan birgalikda ichki bozorda narx barqarorligini ta’minlash uchun xorijiy davlatlardan bug‘doy sotib olish;

    jalb qilingan byudjet ssudasi, kredit va unga hisoblangan foizlarni qaytarish;

    jalb qilingan chet el kreditlari bo‘yicha chet el valyutasi va so‘mdagi barcha xarajatlarni, shuningdek, valyuta kursi hamda foiz to‘lovlari bo‘yicha yuzaga keladigan zararlarni qoplash;

    qishloq xo‘jaligi texnikasi lizing yoki kredit shartlarida xarid qilinganda ularning foiz xarajatlari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish uchun qonunchilikda belgilangan miqdorda subsidiya to‘lash;

    kombaynlarning xorijda xizmat ko‘rsatishi (xizmatlar eksporti) uchun tashish transport xarajatlariga qonunchilikda belgilangan miqdorda kompensatsiya to‘lash;

    paxta yig‘im-terimi uchun tijorat kreditlar bo‘yicha foiz stavkaning bir qismini qoplash uchun qonunchilikda belgilangan miqdorda kompensatsiya to‘lash;

    Jamg‘arma tomonidan sotib olingan bug‘doyni xarid qilish (sotib olish, saqlash, tashish va sotish xarajatlari bilan birga) va sotish narxlari o‘rtasidagi salbiy tafovut bo‘yicha zararlarni qoplash;

    Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini boshqarish departamentini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish.

    v) Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanishni nazorat qilish Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan amalga oshiriladi.

    7. Quyidagilar:

    Jamg‘armaning barcha hisobvaraqlariga, shu jumladan, Jamg‘arma aylanma mablag‘lari hisobidan operatsiyalar o‘tkaziladigan tegishli bank hisobvaraqlariga nisbatan cheklov choralari qo‘llanilmasligi;

    Jamg‘arma mablag‘lari belgilangan muddatlarda qaytarilmagan taqdirda, ular Jamg‘arma tomonidan inkasso topshiriqnomasi bilan undirilishi belgilab qo‘yilsin.

    8. Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Quyidagilar Jamg‘arma kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:

    G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etishni muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashiga ichki bozorda narx barqarorligini ta’minlash uchun xorijiy davlatlardan bug‘doy
    sotib olishga doir taklif kiritish;

    Jamg‘arma hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning agrar soha tarmoqlarini moliyalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari natijasi to‘g‘risida hisobotlarini eshitish;

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasiga Jamg‘arma faoliyatini takomillashtirishga doir takliflarni kiritish;

    Jamg‘arma tomonidan tayyorlanadigan Jamg‘armaning tushumlar va xarajatlar balansini ko‘rib chiqish va uning Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlash;

    Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamentining Jamg‘arma mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha o‘tkazgan nazorat tadbirlari natijalari yuzasidan xulosalarni muhokama qilish
    va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish.

    9. Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini boshqarish departamentining (keyingi o‘rinlarda – Departament) tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    10. Departamentga, istisno tariqasida, Jamg‘arma mablag‘larini elektron auksion o‘tkazmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tijorat banklarida depozitga joylashtirish huquqi berilsin.

    11. Markaziy bank bir hafta muddatda Jamg‘armaga moliyaviy operatsiyalar o‘tkazish uchun milliy va chet el valyutasida tegishli maxsus hisobvaraqlar ochilishini ta’minlasin.

    12. Moliya vazirligi:

    Jamg‘armada vaqtinchalik mablag‘ taqchilligi yuzaga kelganda, joriy yilning o‘tgan davrida joylashtirilgan davlat qimmatli qog‘ozlarining o‘rtacha foiz stavkasida ikki yil muddatgacha byudjet ssudasini ajratsin;

    Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda narx barqarorligini ta’minlash uchun don sotib olish, sotish va saqlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    13. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Jamg‘arma tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga kompensatsiya va subsidiyalarni to‘lash tartibini soddalashtirish
    va takomilashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

    Bunda Jamg‘arma tomonidan kompensatsiya va subsidiyalarni to‘lash Qishloq xo‘jaligi vazirligining buyurtmalari asosida amalga oshirilishi nazarda tutilsin.

    14. Quyidagilar:

    Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov ushbu Farmonning to‘liq va o‘z vaqtida ijro etilishiga, mas’ul vazirlik va idoralarning faoliyatini samarali tashkil etishga hamda muvofiqlashtirishga, ular rahbarlarining ko‘rilgan choralar to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitishga, aniqlangan muammo va kamchiliklarni tezkor bartaraf etishga;

    moliya vaziri T.A.Ishmetov agrar sohani moliyalashtirishda yuzaga keladigan taqchillikni qoplash uchun zarur mablag‘larni byudjet tizimi byudjetlari hisobidan o‘z vaqtida ajratishga, shuningdek, byudjetdan qo‘shimcha ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini nazorat qilishga shaxsan mas’ul va javobgar ekanligi belgilansin.

    15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

    16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlari 4-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

    17. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    18. Mazkur Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

    Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni bo‘yicha axborot berib borilsin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,
    2021 yil 26 fevral