Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) mansabdor shaxs boʻlib, u davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari va erkinliklari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.
Ombudsman faoliyati quyidagi asosiy prinsiplardan iborat:
— qonuniylik;
— mustaqillik;
— adolatlilik;
— insonparvarlik;
— kamsitishga yoʻl qoʻymaslik;
— xolislik;
— ochiqlik.
Saylanish kuni 30 yoshga toʻlgan, kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Ombudsman lavozimiga saylanishi mumkin.
Qonun bilan Ombudsman Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan 5-yil muddatga saylanadi va ayni bir shaxs Ombudsman lavozimiga surunkasiga ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emasligi belgilandi.
Ombudsman siyosiy partiyaga aʼzolikni yoki unda ishtirok etishni oʻz vakolatlari muddatiga toʻxtatib turishi yoxud tugatishi shart boʻlib, shuningdek, ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.