O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi xalqaro standartlar asosida o'tkaziladi

    Xo'sh, xalqaro saylov standartlari nimalarda aks etadi?

    Saylovlarni o'tkazish uchun zarur sharoit yaratish — demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatiga xos eng muhim jihatlardan hisoblanadi. O'zbekistonda ham xalqaro standartlarga to'la javob beradigan saylov qonunchiligi yaratilgan. Mamlakatimizning har bir fuqarosi uchun umumiy, teng va to'g'ridan-to'g'ri saylov huquqi hamda yashirin ovoz berish singari asosiy printsiplar belgilangan.

    Ayni kunlarda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi tadbirlari milliy saylov qonunchiligimiz asosida amalga oshirilmoqda. Albatta, bu nafaqat xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyat uchun ham katta voqelikdir. Jarayonlar xorij davlatlari e'tiboridan ham chetda qolmaydi. Saylovlarni kuzatuvchi xalqaro tashkilotlar nigohi ushbu voqelikka qaratilishi tabiiy. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining ehtiyojlarni baholash bo'yicha missiyasi saylovoldi muhiti va Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonini ijobiy baholab, to'laqonli kuzatuv missiyasini yuborish fikrini bildirgani buning yaqqol tasdig'idir.

    Bu esa Xalqaro saylov standartlari, ya'ni saylovlarni tashkillashtirish va o'tkazishga taalluqli xalqaro huquq tamoyillariga yuqori darajada amal qilish zaruratini yuzaga keltiradi.

    Xo'sh, xalqaro saylov standartlari nimalarda aks etadi?

    Birinchidan, xalqaro saylov huquqi va saylov jarayoniga taaluqli bo'lgan xalqaro standartlar, ya'ni davlat organlariga va mahalliy o'zini o'zi boshqarish idoralariga umumiy, teng, to'g'ridan-to'g'ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo'li bilan yoki fuqarolarning xohish-irodasini bildirishni ta'minlovchi boshqa yo'llar bilan amalga oshirilishi ko'zda tutiladi.

    Ikkinchidan, fuqarolarning demokratik huquq va erkinliklariga hurmat bilan qarash hamda ularni himoya qilish, ko'ppartiyaviylik va mafkuraning xilma-xilligi, saylovni tartibga soluvchi huquqiy normalarning barqarorligi va ularning jadal demokratik rivojlanishi ochiq saylov jarayonlarini ta'minlashning asosiy shartlari hisoblanadi.

    Uchinchidan, saylov organlari yoki boshqa vakolatli organlar tomonidan ovoz berishni tashkillashtirish va ovozlarni sanash, saylov jarayoni ishtirokchilarining saylov huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmining mavjudligi va samarali ishlashi, ovoz berish yakunlari va saylov natijalari ustidan sudda hamda boshqa vakolatli organlarga shikoyat qilish, saylovlarni, shu bilan bir qatorda, ovoz berish jarayonini tashkillashtirish, ovozlarni sanash, saylov natijalarini e'lon qilishdek saylov jarayonining muhim jihatlarini odilona xalqaro kuzatish talab etiladi.

    Ushbu prinsiplar jahon mamlakatlari hayotida, tarixiy rivojlanish tajribalari asosida tabiiy ravishda vujudga kelgan bo'lib, ularga to'liq amal qilgan jamiyatgina demokratik huquqiy davlat qurish maqsadiga erishishi mumkin.

    O'zbekistonda shakllangan saylov tizimi saylovlarni tashkil etish va o'tkazish bilan bog'liq umume'tirof etilgan xalkaro printsiplar va normalarga, demokratik huquqiy davlatni barpo etish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish g'oyalarini amalga oshirish maqsadlariga mos holda bosqichma–bosqich takomillashtirilmoqda. Bu yil Saylov qonunchiligiga kiritilgan bir qator o'zgartirishlarda ham ushbu tamoyillar qo'llanilgan.

    Xususan, Saylov kodeksiga kiritilgan o'zgartishlarda nafaqat saylovchilar uchun, balki saylov komissiyasi a'zolari uchun qulay sharoitlar yaratish nazarda tutilgan. Xorijda istiqomat qilayotgan O'zbekiston fuqarolarining konsullik hisobida bo'lishi yoki bo'lmasligidan qat'i nazar, saylovchilar ro'yxatiga kiritilishi hamda ular yashayotgan yoki ishlayotgan joyda ovoz berish imkoniyatining yaratilishi, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida, xarbiy qismlarda tashkil etilgan saylov uchastkalariga kuzatuvchilarning tashrif mexanizmlari soddalashtirilgani, saylov komissiyalari a'zolariga ish haqi va kompensatsiya to'lanishiga oid qoidalarning yanada mustahkamlangani, saylov komissiyalari zimmasidagi nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifaning bekor qilinishi va boshqalarni alohida e'tirof etish joiz.

    Shuningdek, saylov komissiyasining doimiy ish joyiga ega bo'lmagan a'zolariga, shu jumladan, pensionerlarga mehnatga haq to'lashning yagona tarif setkasiga muvofiq ish haqlari to'lab berilishi qonun bilan belgilab qo'yildi. Bunday amaliyot komissiya a'zoligiga jalb etilgan fuqarolarning majburiy mehnatiga yo'l qo'ymaslik maqsadida joriy etildi.

    Ahamiyatlisi, joriy yilgi Prezident saylovi ilk bor O'zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi asosida bo'lib o'tadi. Unda konstitutsiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti davriylik printsipi asosida saylanishi ta'minlanadi. SHuni alohida ta'kidlash lozimki, prezidentlik saylovining dekabr oyidan oktyabr oyiga ko'chirilishi davlat hokimiyati tashkil etilishi konstitutsiyaviy qoidalarini takomillashuviga, saylovlarning davriylik prinitsipiga amal qilinishini ta'minlabgina qolmay, fuqarolarga qulaylik ham yaratadi.

    Saylov kodeksining 4-moddasiga muvofiq “O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi umumiydir. Saylov kuni o'n sakkiz yoshga to'lgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga egadir. Fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma'lumoti, mashg'ulotining turi va xususiyatidan qat'iy nazar, teng saylov huquqiga egadir”. Shunga ko'ra, saylovning qonun bilan belgilab qo'yilgan o'z tartib-qoidalari borki, saylovchilar unga amal qilishlari talab etiladi. Xususan, har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro'yxatiga kiritilishi mumkin. Uning ikkinchi saylovchilar ro'yxatiga kiritilishi tenglik prinsipining buzilishiga sabab bo'ladi.

    Saylovchilar ro'yxatiga har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug'ilgan sanasi va yashash joyi manzili kiritiladi. Ular aniq, tushunarli, sanalar va joy manzillari to'g'ri bo'lishi shart. Bu ma'lumotlar uning pasporti yoki ID kartasi asosida to'liq yozilishi qonunda belgilab qo'yilgan.

    Joriy yilda bo'lib o'tadigan saylovda ham saylovchilarning yagona elektron ro'yxatini takomillashtirgan holda, zarur texnik tayyorgarlik asosida tashkil etilishi jarayonning shaffofligini ta'minlashga xizmat qiladi. Shu bois ochiqlik, oshkoralik, shaffoflik va xolislikni ta'minlash masalalariga ham alohida e'tibor qaratilib, Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazi va uning hududiy bo'linmalari tashkil etildi. Bu esa jurnalistlar va jamoatchilikka saylovga oid masalalar bo'yicha tezkor axborot yetkazilishiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining “Saylov-2021” veb portali va boshqa axborot resurslari yuritilishi yo'lga qo'yildi.

    Imkoniyati cheklangan saylovchilarga qulay sharoitlar yaratish ham e'tibordan chetda qolmagan. Markaziy saylov komissiyasi hamda O'zbekiston Nogironlar jamiyati, O'zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi, O'zbekiston Ko'zi ojizlar jamiyati va O'zbekiston Karlar jamiyati o'rtasida 2021-yil may oyida kelishuvlar imzolangan edi. Hujjatlarga ko'ra, nogironligi bo'lgan fuqarolarning saylov huquqlarini ta'minlash bilan bog'liq masalalarni hal etish, saylovda teng imkoniyatlar yaratish bo'yicha hamkorlikda ish olib borish bo'yicha vazifalar belgilangan. Jumladan, imkoniyati cheklangan saylovchilarning, zaruratga qarab, yashash joyida ovoz berishi tashkil etiladi. Saylov kampaniyasiga oid teledasturlarda imo-ishora tili va subtitrlardan foydalanish yo'lga qo'yiladi.

    Tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, ilk saylovlar qadimgi Yunoniston va Rimda o'tkazilgani haqidagi ma'lumotlarni uchratamiz. Ushbu saylovlarda shaharni boshqarish uchun strateg, davlat boshqaruvida imperatorga yordam beradigan konsullar bir yil muddatga saylangan. Mazkur jarayonlarda zamonaviy saylovlarning dastlabki elementlari ko'zga tashlanadi.

    Keyingi davrlarda esa saylovlar bora-bora takomillashib, erkaklar va ayollar teng huquqliligi ta'minlandi, xotin-qizlarning ham ovoz berishi qonuniy kafolatlandi. Dunyo bo'yicha saylovlarda ayollarning ishtiroki reytingida O'zbekiston top-50 ro'yxatga kiritilgani mamlakatimizda xotin-qizlarning saylovda faol ishtiroki ta'minlanganini ko'rsatadi.

    E'tiborlisi, ayollarimiz mazkur siyosiy tadbirda nafaqat saylovchi, balki saylov komissiyasi a'zosi sifatida ham faoliyat yuritayapti. Hatto, prezidentlikka nomzod sifatida ko'rsatilganini e'tirof etish joiz bo'ladi.

    Muxtasar aytganda, O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ana shunday demokratik o'zgarishlar jahon hamjamiyati diqqat markazida turibdi. Ushbu muhim siyosiy jarayonni yuqori saviyada o'tkazilishi Yangi O'zbekistonni barpo etishda muhim qadam bo'ladi.

    Alisher USMONQULOV,

    Jizzax politexnika instituti rektori,

    texnika fanlari doktori, professor,

    Markaziy saylov komissiyasi a'zosi