O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqi

    Hukumat 20 Sentabr 2023 4957

    Hurmatli rais janoblari! Hurmatli Bosh kotib janoblari, delegatsiyalar rahbarlari, xonimlar va janoblar! Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining bugungi sessiyasi xalqaro munosabatlar tizimida fundamental o‘zgarishlar yuz berayotgan bir sharoitda bo‘lib o‘tmoqda.

    Jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilmoqda. Global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish kuchaymoqda. Va bularning barchasi keng ko‘lamdagi keskinlik ortishiga sabab bo‘lmoqda.

    Geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli savdo, investitsiya va innovatsiya sohalarida erkin almashish yo‘lida yangi to‘siqlar vujudga kelmoqda. Hatto iqlim o‘zgarishlari, ochlik va tengsizlikka qarshi kurash singari butun bashariyat taqdiriga daxldor bo‘lgan masalalarda ham o‘zaro muloqot izdan chiqqani sezilmoqda.

    Bunday murakkab sharoitda amaliy hamjihatlik va hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda, mamlakatlarni jipslashtirish g‘oyasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib bormoqda.

    Biz o‘tgan yili umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ilgari surdik. Asosiy maqsadimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimizning bugungi kuni va istiqboli uchun mas’uliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat.

    Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tashabbusi bilan kelgusi yil Kelajak sammiti o‘tkazilishi xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishga, Tashkilotimizning ta’siri va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi, deb ishonaman.

    Muhtaram anjuman ishtirokchilari!

    Biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lmish Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini qat’iy davom ettirmoqdamiz. Mamlakatimiz “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan dadil ilgari bormoqda.

    Joriy yil aprel oyida milliy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha O‘zbekiston tarixida birinchi marta umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi. Referendumda ovoz berganlarning 90 foizdan ziyodi ushbu chinakam xalq Konstitutsiyasini qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa islohotlarimizning ortga qaytmaydigan muqarrar tus olishi ta’minlandi.

    Biz Asosiy qonunimizda millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning tengligi, inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi prinsiplariga sadoqatimizni yana bir bor tasdiqladik.

    Mana shunday huquqiy asosda “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasini qabul qildik. Bu strategiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uyg‘un bo‘lib, biz o‘z zimmamizga olgan barcha majburiyatlarni to‘la va qat’iy bajarmoqdamiz.

    Hurmatli xonimlar va janoblar!

    Izchil davom etayotgan islohotlar natijasida O‘zbekiston iqtisodiyoti, global tahdidlarga qaramasdan, barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda. So‘nggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir yarim martadan ortiq ko‘paydi. Bizning bosh maqsadimiz – 2030-yilga qadar bu ko‘rsatkichni yana 2 barobarga oshirishdir.

    Iqtisodiyotimizni liberallashtirish yo‘lidagi yana bir ustuvor vazifamiz – yaqin orada Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lishdir.

    Xalqimizning turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatimizda 2017-yildan buyon kambag‘allik ikki barobarga kamaydi. Biz 2030-yilgacha uni 7 foizga tushirishni reja qilganmiz. Aholini ichimlik suvi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash ko‘lamini bir necha bor oshirishni belgilaganmiz.

    Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz. Mazkur tashabbus doirasida tajriba almashish uchun 2024-yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” butunjahon konferensiyasini yurtimizda o‘tkazishni taklif etaman.

    Hurmatli sammit ishtirokchilari!

    So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha e’tiborga loyiq natijalarga erishdik. Mamlakatimizda majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi.

    Bir asr mobaynida O‘zbekistonda millionlab insonlar paxta terimiga majburiy ravishda jalb etib kelindi. Har yili sentyabr oyidan dekabrgacha aholining asosiy qismi – o‘qituvchi va shifokorlar, tadbirkorlar, ishchi va xizmatchilar, eng achinarlisi, maktab o‘quvchilari va talabalar paxta terimiga safarbar qilinar edi. Buning natijasida o‘zbek paxtasiga boykotlar e’lon qilingan, mamlakat esa yillar davomida “qora ro‘yxat”larga kiritilgan edi.

    Qat’iy irodamiz tufayli endi bularning barchasi o‘tmishga aylandi. Xalqimiz paxta qulligidan butkul ozod bo‘ldi.

    Yangi Konstitutsiyamizda majburiy mehnat taqiqlanishi kafolatlab qo‘yildi va buning uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashni butun dunyo miqyosida kuchaytirish zarur, deb hisoblayman. Bizning tajribamiz shuni ko‘rsatmoqdaki, bunga chek qo‘yish imkoni bor.

    Xonimlar va janoblar!

    Inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash – O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan strategik vazifalardan biridir.

    Biz hamma uchun ochiq va sifatli ta’limni kambag‘allikka barham berish, xalq farovonligini oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishning eng samarali omili, deb bilamiz.

    Mamlakatimiz oxirgi yillarda bu borada katta tajriba to‘pladi – ta’lim tizimi tubdan o‘zgarmoqda. O‘tgan olti yilda maktabgacha ta’limdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 38 foizga yetdi. 2030 yilga qadar har bir bolaning bog‘chaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki o‘quvchining biri esa oliygohda o‘qishi uchun imkoniyat yaratiladi.

    Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

    So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo yaxshi qo‘shnichilik, barqarorlik, o‘zaro hamkorlik va rivojlanish yo‘lidan bormoqda.

    Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli O‘zbekiston barcha qo‘shnilari bilan davlat chegaralari, transport koridorlari va suvdan foydalanish bo‘yicha muammolarni bartaraf etishga muvaffaq bo‘lmoqda.

    Mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro savdo ikki yarim barobardan ziyod, qo‘shma korxonalar soni esa besh marta o‘sdi. Mintaqamiz iqtisodiy rivojlanish markaziga, Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘laydigan transport-kommunikatsiya ko‘prigiga aylanib, unga qiziqish tobora ortib bormoqda.

    Markaziy Osiyoning dunyoga ochiqligi – mintaqa xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlaydigan eng muhim shartga aylanmoqda.

    Ishonch bilan aytish mumkinki, bizning xalqlarimizni mintaqaviy o‘ziga xoslikni anglash tuyg‘usi birlashtirmoqda va bu tuyg‘u tobora kuchayib bormoqda. Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiy va mushtarakdir. Mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishdan boshqa yo‘limiz yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas!

    Aminmanki, xalqaro hamjamiyatning qo‘llovi bilan Markaziy Osiyo birdamlik yo‘lidan borishda davom etadi. Markaziy Osiyoni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish O‘zbekiston tashqi siyosatida bundan buyon ham ustuvor maqsad bo‘lib qoladi.

    Muhtaram anjuman ishtirokchilari!

    Aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillari bo‘lgan Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi ayniqsa dolzarb ahamiyatga ega. Ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish maqsadida yaqinda mintaqamiz davlatlari tomonidan Yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari haqidagi bitim imzolandi.

    Ayni paytda biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish, boshqa mintaqalarning ilg‘or tajriba va yutuqlarini o‘rganishdan manfaatdormiz.

    Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etishni taklif etaman. Uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.

    Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

    Xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi bugungi kunning dolzarb masalasidir. Milliy siyosatimiz markazida turadigan eng ezgu maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini ta’minlashdan iborat.

    Gender tenglikka erishish borasida ham tizimli ishlarni olib bormoqdamiz. Jumladan, o‘tgan yili oliygohlarga qabul qilingan talabalarning 49 foizini qizlar tashkil etdi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi esa birinchi marta 35 foizga yetdi. Ayollar va voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida alohida qonun qabul qilindi.

    Biz “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz. Birgalikdagi tashabbus sifatida ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun kelgusi yili O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazishni taklif etamiz.

    Hurmatli xonimlar va janoblar!

    Hozirgi vaqtda dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilmoqda. Sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz, ya’ni iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchaymoqda.

    Ana shunday murakkab sharoitda Orol dengizi fojiasiga qarshi kurashni davom ettirayotgan Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanmoqda.

    Global muammo bo‘lgan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida O‘zbekiston o‘z imkoniyatlari darajasida harakat qilmoqda. So‘nggi yillarda Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar maydonda qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardan iborat yashil hududlar barpo etildi. Bu sa’y-harakatlarimizni davom ettirish uchun xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvatlashi juda muhim.

    Keyingi 30 yilda mintaqamizda havo harorati bir yarim gradusga ko‘tarildi. Bu – dunyodagi o‘rtacha isishdan ikki karra ko‘pdir. Oqibatda muzliklar umumiy maydonining qariyb uchdan bir qismi yo‘qolib ketdi. Ushbu tendensiya saqlanib qolsa, yaqin yigirma yilda mintaqamizdagi ikkita yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foizga qisqarishi mumkin. Jon boshiga suv bilan ta’minlanish darajasi 25 foizga, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi esa 40 foizga kamayishi kutilmoqda.

    Agar o‘z vaqtida ta’sirchan choralarni ko‘rmasak, ushbu muammolar oqibatlari mintaqamizdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka jiddiy putur yetkazadi.

    Bu vaziyatdan kelib chiqqan holda, biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasini yaratish jarayonida “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – suv resurslari” mexanizmini ishga solib, eng ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va tatbiq qilish tarafdorimiz.

    Biz mintaqamizda qabul qilingan Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Bunday sheriklik manfaatlarimizga birdek mos bo‘lib, iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq tahdidlarning oldini olishga qaratilgan. Bu borada “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

    Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz. Uning asosiy mazmunini kelgusi yil Samarqandda bo‘lib o‘tadigan xalqaro iqlim forumida muhokama qilishni taklif etamiz.

    Shu o‘rinda ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish va “yashil” energetika ulushini keskin oshirish biz uchun strategik vazifa bo‘lib qoladi.

    Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

    Biz ekstremizm balosi tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikdagi harakatlarimizni kuchaytirishimiz zarur.

    O‘tgan yil mart oyida Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkilotining terrorizmga qarshi global strategiyasini Markaziy Osiyoda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilindi.

    Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Milliy strategiyamiz doirasida bir masalaga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. U ham bo‘lsa, ilgari ekstremizm g‘oyalari ta’sirida bo‘lgan shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish masalasidir.

    Biz bu borada o‘ziga xos tajriba orttirdik, besh marta “Mehr” insonparvarlik missiyasini o‘tkazdik. Uning doirasida 530 nafardan ziyod fuqarolar, avvalo, ayollar va bolalarni Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi qurolli nizolar hududlaridan yurtimizga qaytardik. Ularning barchasiga tibbiy, psixologik, ijtimoiy va boshqa yordamlar ko‘rsatildi.

    Xalqaro jamoatchilik joriy yilning iyun oyida mana shu yerda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida mamlakatimizga olib kelingan va yangi hayot boshlagan shaxslarning tarixini ularning o‘zlaridan eshitdi.

    Biz bu yo‘nalishdagi harakatlarni davom ettirish va doimiy tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida urush hududlaridan qaytganlar bilan tizimli ishlash bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashini tuzishga qaratilgan amaliy qadamlarni tashladik.

    Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar xalqaro terrorizm kabi umumiy tahdidlarga qarshi kurashda yanada birlashib, harakat qilishlari kerak.

    Yana bir muhim fikrni ta’kidlashni istardim. So‘nggi paytlarda ayrim mamlakatlarda ko‘zga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz. Jahon miqyosida dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekistonda YUNЕSKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etishni taklif qilamiz.

    Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, islomni ilm-ma’rifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari ulug‘ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Shunday buyuk olimlarning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024-yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari suramiz.

    Hurmatli sessiya ishtirokchilari!

    Xalqaro xavfsizlik Afg‘onistondagi jarayonlar bilan bevosita bog‘liqdir. Ushbu mamlakatda yangi vaziyat vujudga kelgan bo‘lib, u afg‘on masalasini hal etishda o‘ziga xos yondashuvlarni talab etmoqda.

    Afg‘onistonni o‘z muammolari bilan yana yolg‘iz qoldirish – bu katta xato bo‘ladi. Inkor qilish, yakkalab qo‘yish va sanksiyalar qo‘llash oddiy afg‘on xalqining ahvolini yanada og‘irlashtirmoqda.

    Afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslik lozim, deb hisoblaymiz. Afg‘onistonning muzlatilgan xalqaro aktivlarini bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirish uchun maqbul mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqiramiz. Bizga tinch va barqaror, mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida ishtirok etadigan, qo‘shnilari va boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklik uchun ochiq Afg‘oniston kerak.

    Men bugun ushbu nufuzli minbardan turib, dunyo hamjamiyatini Afg‘oniston muammosini hal etish yo‘lida birlashishga chaqiraman. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahnamoligida Afg‘oniston bo‘yicha birgalikda ishlab chiqilgan, vaziyatga moslashuvchan va konstruktiv pozitsiyani belgilash prinsipial jihatdan muhim, deb hisoblayman.

    Hurmatli rais!

    Hurmatli anjuman qatnashchilari!

    Biz barchamiz hozirgi tarixiy tub burilish pallasida kelgusi avlodlarga sayyoramizni qanday holda qoldirish haqida o‘ylashimiz lozim.

    Mustahkam tinchlik va farovonlikka faqat umumiy intilishlar va birgalikdagi harakatlar bilan erishish mumkin. Bizga o‘zaro ishonch, birdamlik va hamkorlik ruhi har qachongidan ham ko‘proq zarur.

    So‘zimning yakunida O‘zbekiston shu yo‘lda Birlashgan Millatlar Tashkiloti institutlari va barcha davlatlar bilan keng ko‘lamli va uzoq muddatli sheriklikni chuqurlashtirishga tayyor ekanini yana bir bor ta’kidlamoqchiman.

    E’tiboringiz uchun rahmat.