Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro manfaatli amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdoridir

    Hukumat 24 Iyul 2022 7204

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni qator xorijiy mamlakatlarning davlat rahbarlari va nufuzli siyosatchilari bilan telefon orqali muloqot qildi.

    Xorijiy hamkorlar davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, Prezidentimizga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat hamda aholi turmush darajasini tubdan oshirish, demokratik jamiyat institutlarini mustahkamlash, mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va xalqaro mavqeini yuksaltirishga qaratilgan keng koʻlamli islohot va yangilanishlar strategiyasini amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlar tiladi.

    Oʻzbekiston yetakchisining qisqa muddatda yurtimizning jahon mamlakatlari va koʻp tomonlama tuzilmalari bilan sheriklik darajasini sezilarli oshirish, uni amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilgan pragmatik va faol tashqi siyosati alohida qayd etildi.

    Bundan tashqari, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, boʻlajak sammitlar, shu jumladan SHXT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa tuzilmalarning yigʻilishlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

    Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Oʻzbekiston Prezidentimiz rahbarligida iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot yoʻlidan muvaffaqiyatli borayotgani, xalqaro masalalarda konstruktiv rol oʻynayotganini alohida taʼkidladi.

    Shuningdek, u kuni kecha Shavkat Mirziyoyevni doʻstlik va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdagi katta xizmatlari uchun Rossiyaning yuksak davlat mukofoti – Aleksandr Nevskiy ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida farmon imzolanganini xabar qildi.

    Muloqot chogʻida Oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi koʻrib chiqildi. Hukumatlararo darajada yoʻlga qoʻyilgan samarali hamkorlik mexanizmlari doirasida, shu jumladan savdo-iqtisodiy hamkorlikning yuqori surʼatini taʼminlash va ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surish maqsadida birgalikdagi faol ishlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

    Oʻzbekiston va Rossiya yetakchilari hududlar oʻrtasidagi samarali aloqalar va almashinuvlarni ham mamnuniyat bilan qayd etib, ularni yanada kengaytirish lozimligini taʼkidladilar.

    Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan telefon orqali muloqotda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va izchil rivojlanishni taʼminlash borasidagi qatʼiy saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.

    Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

    Oliy darajada erishilgan, shu jumladan oʻzaro savdo hajmini oshirish, energetika, qishloq xoʻjaligi, qurilish sohalarida, turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish boʻyicha investitsiya loyihalarini jadallashtirish hamda gumanitar almashinuvni faollashtirish borasidagi kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Oʻzbekiston, Turkiya va Ozarbayjonning tashqi ishlar, savdo va transport vazirlari darajasida koʻp tomonlama maslahatlashuvlarni yoʻlga qoʻyish tashabbusining amaliy ahamiyati qayd etildi.

    Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan keng koʻlamli islohotlarning hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilishi barqaror oʻsish kafolati boʻlib xizmat qilishi, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha yuksak maqsad va vazifalar tez fursatda roʻyobga chiqishiga ishonch bildirdi.

    Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

    Savdo va logistika, sanoat va agrosanoat sohalarida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish muhimligi qayd etildi. Oʻzbekiston va Qozogʻiston hukumatlari darajasida yaqindan aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.

    Bundan tashqari, mintaqada yirik infratuzilma loyihalarini tez fursatda tayyorlash va amalga oshirishni boshlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    “Yangi Oʻzbekistonning barpo etilishi va rivojlanishi, mamlakatda bugun amalga oshirilayotgan tub islohotlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning faoliyati bilan chambarchas bogʻliq”, dedi Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov.

    Muloqotda boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlarning kun tartibini tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

    Ikki mamlakat hukumatlari savdo shartnomalari va sanoat kooperatsiyasi bitimlarining yangi toʻplamini, shuningdek, Oʻzbekiston-Qirgʻiziston strategik sherikligining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha boshqa ikki tomonlama hujjatlarni tayyorlashi muhimligi qayd etildi.

    Energetika va transport sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Oʻzbekiston yetakchisi Qirgʻiziston Prezidentini joriy yil 20-21-iyul kunlari Choʻlponota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan yana bir bor tabrikladi.

    Telefon orqali muloqotda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston-Tojikiston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash va kengaytirishdagi alohida xizmatlarini qayd etdi.

    Joriy yil 2-3-iyun kunlari Tojikiston Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlarni bajarish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni oʻz vaqtida amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.

    Eng avvalo energetika sohasidagi kooperatsiya loyihalarini jadallashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Joriy yil sentyabr oyida oʻtkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitiga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi.

    Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston oʻrtasida koʻp yillardan buyon jadal rivojlanib kelayotgan doʻstlik va birodarlik munosabatlari keyingi paytlarda yangi mazmun bilan boyiganini alohida taʼkidladi. Uning fikricha, bu Oʻzbekiston Prezidentining ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratayotgan alohida eʼtibori va ulkan shaxsiy hissasi tufaylidir.

    Joriy yil 14-15-iyul kunlari Turkmaniston Prezidenti mamlakatimizga amalga oshirgan davlat tashrifining samarali yakunlari yuqori baholandi. Qabul qilingan “yoʻl xaritasi” asosida erishilgan kelishuvlarni, shu jumladan Sanoat kooperatsiyasi boʻyicha oʻrta muddatli dasturni, Chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish loyihasini, birinchi Hududlar forumi va Ishbilarmonlar kengashi yakunida imzolangan savdo shartnomalari va bitimlarini amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.

    Samarali yoʻlga qoʻyilgan parlamentlararo muloqot doirasida olib borilayotgan faol aloqalar va almashinuvlar alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

    “Oʻzbekiston ravnaq topayotgan, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yoʻlidan dadil borayotgan, xalqaro maydonda hurmat-eʼtibor qozongan mamlakatga aylandi. Birodar Oʻzbekistonning muvaffaqiyatlaridan Ozarbayjon Respublikasi chin dildan xursand”, dedi Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev.

    Prezidentlar joriy yil 21-22-iyun kunlari mamlakatimizda oʻtgan oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuv va tadbirlarning sermahsul natijalarini yuqori baholadilar.

    Oʻzbekiston-Ozarbayjon muzokaralari yakunida qabul qilingan bitim va kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

    Hukumatlar va idoralar darajasida faol muloqotlar va almashinuvlar davom etayotgani, oʻzaro tovar ayirboshlashning oʻsish surʼatlari yuqori va barqaror ekani, kooperatsiya loyihalarini ilgari surish boʻyicha birgalikda samarali ishlanayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko “milliy xavfsizlikka tahdid va xatarlar misli koʻrilmagan darajada boʻlgan bugungi davrimizda kuchli va dono rahbarlikka ehtiyoj ayniqsa dolzarbdir. Davlat manfaatlariga sodiqlik, masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga tayyorlik Oʻzbekistonning haqiqiy yetakchisiga xos fazilatlardir”, deb alohida taʼkidladi.

    Suhbat chogʻida Prezidentlar keyingi yillarda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Belarus munosabatlari jadal rivojlanib, aniq mazmun bilan boyib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

    Oʻzaro savdo hajmi ortmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida muvaffaqiyatli kooperatsiya loyihalari soni oshmoqda, taʼlim va madaniy-gumanitar sohalardagi almashinuv kengaymoqda.

    Hukumatlar rahbarlari darajasida muntazam va samarali muloqot yoʻlga qoʻyilgani yuqori baholandi. Mashinasozlik, agrosanoat majmui, kimyo, farmatsevtika va elektrotexnika tarmoqlarida, amaliy hamkorlikning boshqa yoʻnalishlarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.

    Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan telefon orqali muloqotda ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.

    Yaqin va samarali parlamentlararo hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani, bu Oʻzbekiston-Rossiya doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini izchil mustahkamlashga xizmat qilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Mintaqaviy hamkorlik doirasida joriy yil may oyida Ashxobod shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiyaning parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Oktyabr oyida Toshkent shahrida MDH Parlamentlararo assambleyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtadi.

    Oʻzbekiston yetakchisi ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasida yaqin va sermahsul hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.

    Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev davlatimiz rahbari birodar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshganini taʼkidladi.

    Suhbatda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanib, Oʻzbekiston-Qozogʻiston yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashildi. Shu yilning 20-21-iyul kunlari Qirgʻizistonda oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvining yakunlariga yuksak baho berildi.

    *****

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga nufuzli global tashkilotlar rahbarlari va xorijiy yetakchilardan qutlovlar kelgan.

    Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish taʼkidlaganidek, “Oʻzbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakat muhim islohotlar jarayonini amalga oshirish bilan bir qatorda iqlim oʻzgarishi, atrof-muhitni muhofaza qilish va mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik borasidagi xalqaro saʼy-harakatlarga hissa qoʻshmoqda».

    Bosh kotib Oʻzbekiston BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzosi sifatida inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish boʻyicha oʻz zimmasiga alohida majburiyat olganini qayd etdi.

    “Birlashgan Millatlar Tashkiloti bundan buyon ham BMT nizomida mustahkamlab qoʻyilgan qadriyat va prinsiplarni ilgari surishda Oʻzbekiston Respublikasiga tayanadi”, deyiladi eng nufuzli global institut Bosh kotibining maktubida.

    Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin oʻz tabriknomasida “Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda turli sohalardagi yangilanishlar dadil amalga oshirilmoqda va Yangi Oʻzbekistonni barpo etish ishlari keng quloch yozmoqda, bundan esa Xitoy tomoni juda mamnun”, deb taʼkidlagan.

    «Joriy yilda Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi nishonlanmoqda. Oʻttiz yil davomida Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlari uzluksiz rivojlanib, davlatlar oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli hamkorlikka namuna boʻlib xizmat qilmoqda.

    Joriy yil fevral oyida Pekinda sermahsul uchrashuv oʻtkazdik va ikki tomonlama munosabatlarni yangi tarixiy voqelik sharoitlarida ilgari surish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishdik.

    Men Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqdaman va Siz bilan oʻrtamizdagi mustahkam doʻstlikni qadrlayman. Ikki mamlakat va xalq farovonligi yoʻlida koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga birgalikda harakat qilishga tayyorman», deb taʼkidlagan Rais Si Szinpin.

    *****

    Quyidagilar ham oʻz tabriklarini yoʻllagan:

    Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov;

    Armaniston Respublikasi Prezidenti Vaagn Xachaturyan;

    Moʻgʻuliston Prezidenti Uxaagiyn Xurelsux;

    Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Muhammad bin Roshid Ol Maktum;

    Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin;

    Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi Raisining oʻrinbosari Dmitriy Medvedev;

    Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan;

    Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari, ichki ishlar vaziri Sayf bin Zoid Ol Nahayon;

    Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev;

    Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min;

    Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Bagʻdod Amreyev;

    Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hayʼati raisi Mixail Myasnikovich;

    Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim;

    Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili.

    Qutlovlar kelishi davom etmoqda.