Yigʻilishdan koʻzlangan maqsad davlat rahbari tashabbuslari ijrosining borishini monitoring qilishdan iborat.

Yigʻilishda senatorlar, qator vazirlik va idoralar rahbarlari, BMTning Oʻzbekistondagi tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston BMT bilan oʻzaro hamkorlikka katta eʼtibor qaratayotgani, u bilan hamkorlik qilish mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangani taʼkidlandi. Respublika tashkilot va uning Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti, Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkilot, Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti, Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki, MAGATE kabi ixtisoslashtirilgan muassasalari faoliyatida tizimli va faol ishtirok etib kelmoqda.

Oʻzbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorligi keyingi bir necha yilda sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani alohida taʼkidlandi. Oʻzbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 72, 75 va 76-sessiyalarida, shuningdek, 2021-yilda BMT Inson huquqlari kengashining 46-sessiyasida soʻzlagan nutqlari buning dalilidir. Ularda Oʻzbekistonning xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, taʼlim, maʼnaviyat, ekologiya, turizmni yanada rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi tashabbuslari oʻz aksini topgan.

Yigʻilish doirasida vazirlik va idoralarning yuqorida qayd etilgan ikkita “yoʻl xaritasi”ni amalga oshirishning borishi toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi. Xususan, 2022-yilgacha 104 ta bandni bajarish rejalashtirilgan boʻlib, shundan 60 ta obyekt yakuniga yetkazilgani, 3 tasi esa ijro boʻyicha ortda qolayotgani taʼkidlandi.

Senatorlar vazirlik va idoralarning BMT tuzilmalari bilan ishlarini muvofiqlashtirishni chuqurlashtirish zarurligini qayd etdilar.

Yigʻilish yakunlari boʻyicha “yoʻl xaritalari”dagi ortda qolayotgan bandlarining ijrosini tezlashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbuslarini amalga oshirish ishlarini faollashtirish boʻyicha aniq topshiriqlar aks etgan bayonnoma qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.