“Film chizayotgan musavvir” yetuk kino rassom, akademik – Baxtiyor Nazarov hayoti va ijodiga bagʻishlanadi. Film qahramoni Butunrossiya Davlat kinematografiya instituti (VGIK)ning Kino rassomi yoʻnalishida tahsil olgan.

1971-yil institutni tamomlab, “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida postanovkachi rassom sifatida ish boshlaydi. Isteʼdodi, professional mahorati va mehnatkashligi unga yetakchi kino rassomlari qatoriga kirish imkonini berdi.

Baxtiyor Nazarov ellikdan ortiq filmlarni yaratishda ishtirok etgan. Bu kartinalar uni rassom sifatida tanitdi, xalqaro kinofestivallarda yuqori mukofotlarga sazovor boʻldi.

Baxtiyor Nazarov “Shum bola”, “Hayot mazmuni”, “Yigitcha seni kutamiz”, “Ov”, “Shahrizodaning soʻnggi ertagi”, “Olovli nogʻoralar”, “Buyuk Pyotr” kabi mashhur filmlarning yaratilishida ishtirok etgan. Ushbu kartinalar XX asr oʻzbek kinematografiyasi tarixining yorqin sahifalarida muhrlanib qoldi.

Film orqali Baxtiyor Nazarovning kino rassomi sifatidagi yutuqlari, koʻpchilik uchun sirli, sokinlikka choʻmgan noyob kasb sohibi ekanligini koʻrishimiz mumkin. Zero, rassom faoliyati hamisha kadr ortida qoladi.

Film rejissyori Doniyor Shokirov, ssenariy muallifi Elmira Ahmedova, operator Samijon Sunnatillayev, film direktori Gulnora Abdurahimova.

“Oʻzbekkino” milliy agentligi Axborot xizmati