Oʻzbekiston xalqining boy tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi noyob va nodir madaniy merosini asrab-avaylashni kuchaytirish, sohani raqamlashtirish, innovatsion rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jahonning ilgʻor tajribalarini samarali qoʻllash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi “Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF‒6199-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Turizm va sport vazirligi huzurida Madaniy meros agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tashkil etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

a) moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasida:

moddiy madaniy meros obyektlarini aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, targʻib qilish, davlat reyestri, elektron katalogi, pasporti va davlat kadastrini yuritish, qoʻriqlanadigan tegralarini belgilash hamda sohada davlat nazoratini amalga oshirish;

moddiy madaniy meros obyektlaridan oqilona foydalanish, shu jumladan, ularni davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish, sohani raqamlashtirish va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish;

moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirish, buyurtmachi funksiyasini bajarish, uzluksiz ravishda ilmiy-texnik nazorat qilish, tarixiy-madaniy ekspertiza va loyiha-smeta hujjatlarining tarixiy-madaniy qimmatga taʼsiri boʻyicha ekspertizasini amalga oshirish;

b) muzeylar sohasida:

milliy muzey fondining davlat katalogini yuritish, muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini milliy muzey fondi tarkibiga kiritish, undan chiqarish, universal huquqiy vorislik tartibida yoxud boshqa usulda bir shaxsdan ikkinchi shaxsga oʻtkazish hamda sohada davlat nazoratini amalga oshirish;

muzeylar faoliyatini muvofiqlashtirish, rivojlantirish, muzey xodimlarining malakasini oshirish, qayta tayyorlash, attestatsiyadan oʻtkazish, muzeylarning toifalarini belgilash, milliy muzey fondining ochiqligini taʼminlash va muzey ashyolari hamda muzey kolleksiyalarini oʻrganish, ommalashtirish, restavratsiya va asrashga doir ishlarni amalga oshirish;

v) alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar sohasida:

alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarni muhofaza qilish, ularning pasporti, boshqarish rejalari, rejimi, qoʻriqlanadigan tegralarini belgilash, ushbu hududlar va tarixiy mahallalarning tarixiy-madaniy qimmati, noyobligi, tabiiy landshafti va oʻziga xosligini saqlab qolish;

tarixiy joylarni Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritishga tavsiya etish, Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi konvensiya talablari, YUNESKO, Umumjahon merosi markazi, Umumjahon merosi qoʻmitasi tavsiyalarining mamlakat hududida bajarilishini nazorat qilish;

g) arxeologiya sohasida:

arxeologiya tadqiqotlarini qoʻllab-quvvatlash, muvofiqlashtirish, nazorat qilish, arxeologiya tadqiqoti uchun ruxsatnoma berish, ilmiy hisobotni ekspertizadan oʻtkazish va uning saqlanishini taʼminlash;

Arxeologiya ashyolari davlat katalogini yuritish, arxeologiya ashyolarining davlatga topshirilishini tashkil qilish hamda fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirib qoʻyish va tasarrufdan chiqarish;

arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish, halokat yoqasidagi arxeologiya obyektlarida zudlik bilan tadqiqot oʻtkazilishini taʼminlash, arxeologiya obyektlarini konservatsiyalash, muzeylashtirish hamda arxeologiya parklarini yaratish;

d) mamlakatimiz va xorijdagi madaniy boyliklar sohasida:

madaniy boyliklarni muhofaza qilish, shu jumladan, ularning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi va uning hududiga olib kirilishi boʻyicha sertifikat berish va realizatsiya qilishni muvofiqlashtirish, madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan oʻtkazish, ularning toifasini aniqlash, davlat reyestrini yuritish, sohada davlat nazoratini amalga oshirish;

mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid xorijdagi madaniy boyliklarni aniqlash, ularning toʻliq maʼlumotlar bazasini yaratish, muntazam yangilab borish hamda asl yoki koʻchirma nusxalari, foto va videotasvirlarini yurtimizga olib kelish;

ilmiy oʻrganish asosida olingan ilmiy maʼlumotlar va ularning tahliliy natijalariga oid bibliografik toʻplamlar, kataloglar, kitob-albomlar, axborot byulletenlari va boshqa matbaa mahsulotlarini turli tillarda nashr etish, ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻida keng yoritish, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.

3. Belgilansinki, Agentlik:

moddiy madaniy meros, muzeylar, arxeologiya, madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi sohasida maxsus vakolatli davlat boshqaruv organi hisoblanadi;

oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi;

sohaga oid qonunchilik hujjatlarining buzilishiga yoʻl qoʻymaslik yoki qonun buzilishlarini bartaraf qilish haqida tegishlicha yozma ravishda ogohlantirishlar va ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi;

qonunbuzilish holatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish hamda aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar koʻrish toʻgʻrisida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritadi.

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari joylashgan aholi punktlarining bosh rejalari Agentlik bilan kelishilishi majburiy hisoblanadi;

moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qoʻriqlanadigan tegralarida obyektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Agentlik bilan majburiy tartibda kelishiladi. Bunda, Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlar (obyektlar) boʻyicha loyihalar Agentlik tomonidan YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya orqali YUNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan kelishiladi;

moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarining davlat reyestri Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;

davlat koʻchmas mulki hisoblangan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini operativ boshqaruv huquqi asosida yoki tekin foydalanish huquqi asosida biriktirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi;

moddiy madaniy meros obyektiga yetkazilayotgan zarar haqidagi holat boʻyicha xabardor boʻlgan paytdan boshlab davlat nazoratining dastlabki natijalari 24 soat ichida Agentlik rasmiy sayti orqali jamoatchilikka maʼlum qilinishi shart;

asrashga doir ishlarni rejalashtirish va amalga oshirishning barcha bosqichlarini ilmiy-texnik tadqiq etish uchun har bir obyektning oʻziga xosligi va holatidan kelib chiqib, Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari tuziladi, asrashga doir ishlarning loyiha-smeta hujjatlarida guruh aʼzolari mehnatiga haq toʻlash nazarda tutiladi;

Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlari manzilli roʻyxati Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari va Agentlikning Ilmiy-ekspert kengashining ijobiy xulosalari asosida Bosh vazir oʻrinbosari – turizm va sport vaziri tomonidan tasdiqlanadi;

asrashga doir ishlarni amalga oshirish uchun Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari va Ilmiy-ekspert kengashining ijobiy xulosalariga asosan Agentlik tomonidan berilgan ruxsatnoma boʻlishi shart, ushbu qoidaga rioya qilmagan holda berilgan ruxsatnoma haqiqiy hisoblanmaydi;

Ilmiy-ekspert kengashi va Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari aʼzolariga davlat sud ekspertlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan huquq va majburiyatlar tatbiq etiladi. Ilmiy-ekspert kengashi xulosasi Agentlik uchun majburiy hisoblanadi.

5. Quyidagilar:

Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni 65 nafardan iborat boʻlgan tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda – hududiy boshqarmalar) boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 145 nafar etib belgilansin.

Belgilansinki, Agentlikning markaziy apparati va hududiy boshqarmalarning tuzilmalariga qoʻshimcha 30 ta shtat birligi davlat muzeylari xodimlari sonini maqbullashtirish hisobiga ajratiladi.

Bosh vazir oʻrinbosari – turizm va sport vaziri A.Abduhakimov manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat muzeylari xodimlari sonining maqbullashtirilishini inobatga olib, davlat muzeylarining namunaviy shtatlar jadvalining belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin.

6. Turizm va sport vaziriga:

Agentlikning markaziy apparati, hududiy boshqarmalar, Agentlik tizimidagi boshqa tashkilotlarning tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni va ish haqi fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish;

hududiy boshqarmalar tuzilmalari va nizomlarini tasdiqlash, shuningdek, ularda boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini belgilash huquqi berilsin.

7. Belgilansinki:

Agentlik direktorining maqomi mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shart-sharoitlariga koʻra turizm va sport vazirining birinchi oʻrinbosariga tenglashtiriladi;

Agentlik direktori va uning oʻrinbosarlari turizm va sport vazirining taqdimnomasiga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

Agentlik xodimi sifatidagi ish staji boshqa davlat organlariga, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarga ishga oʻtish chogʻida navbatdagi harbiy va maxsus unvonlar olish, shuningdek, harbiy va maxsus unvonlar uchun ustamalar hamda uzoq muddatli xizmat uchun qoʻshimcha haqlar hisoblash uchun ish stajiga qoʻshib hisoblanadi;

moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarida asrashga doir ishlarni rejalashtirish, amalga oshirish, muvofiqlashtirish va ilmiy-texnik nazorat qilish 3-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.

8. Agentlikning byudjetdan tashqari Madaniy meros jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va davlat muzey-qoʻriqxonalariga tegishli moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berishdan tushgan mablagʻlarning 90 foiz miqdori;

davlat mulki boʻlgan boshqa tashkilotlarga tegishli moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berish va chiptalar sotilishidan tushgan pul mablagʻlarining 50 foiz miqdori;

muzey-qoʻriqxonalarda chiptalar sotilishidan tushgan pul mablagʻlarining 50 foiz miqdori va davlat muzeylarida chiptalar sotilishidan tushgan pul mablagʻlarining 10 foiz miqdori;

madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan oʻtkazish, realizatsiya qilish uchun davlat xizmati koʻrsatish, olib chiqish huquqini beruvchi sertifikat, Milliy muzey fondining davlat katalogida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma berish hamda uning tarkibidan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini chiqarish uchun toʻlovlar;

moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini davlat kadastriga kiritish va chiqarish, tarixiy-madaniy hududning pasportini koʻrib chiqish va tasdiqlash, aholi punktlari bosh rejalarining loyihalarini koʻrib chiqish va ularga xulosa berish uchun toʻlovlar;

moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini asrashga doir ishlar uchun ruxsatnoma va litsenziya berish, ilmiy-texnik nazorat qilish, shuningdek, tarixiy-madaniy va loyiha-smeta hujjatlarining tegishli ekspertizalari, restavrator-ustalarga malaka sertifikati berish uchun toʻlovlar;

moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlar va ularning qoʻriqlanadigan tegralarida yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya va boshqa xoʻjalik ishlarini oʻtkazishga oid loyihalar, merosga boʻlgan taʼsirini baholash hisobotlarini koʻrib chiqish uchun toʻlovlar;

moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzganligi hamda nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazganligi uchun toʻlanadigan jarimalar, shuningdek, davlat mulki hisoblangan moddiy madaniy meros obyektlariga yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha mablagʻlar;

vakolatli organlar tomonidan Agentlik, uning tizimidagi tashkilotlar va davlat muzeylari, muzey-qoʻriqxonalari faoliyatini, shuningdek, moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirishni tekshirish natijalari boʻyicha aniqlangan noqonuniy sarflangan byudjet mablagʻlarining, talon-toroj, rastratalar, kamomadlar summalarining Davlat byudjetiga yoʻnaltiriladigan qismi;

Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini joylashtirishdan olinadigan daromadlar, xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlari, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

9. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari:

moddiy madaniy meros obyektlarini, shu jumladan, arxeologiya merosi obyektlari, madaniy boyliklar hamda muzey ashyolari va kolleksiyalarini muhofaza qilish, konservatsiyalash, restavratsiya qilish, tuzatish, taʼmirlash, hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish, shuningdek, ular bilan bogʻliq ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, loyihalash hamda ishlab chiqarish ishlarini amalga oshirish;

moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini, arxeologiya ashyolari, milliy muzey fondining davlat kataloglari va pasportlarini yuritish, muzeylar faoliyati va arxeologiya tadqiqotlarini qoʻllab-quvvatlash, targʻibot va ommalashtirish ishlarini tashkil etish;

alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar, Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlar va tarixiy mahallalarni muhofaza qilish;

Agentlik va hududiy boshqarmalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, elektron xizmatlarni rivojlantirish va raqamlashtirish, sohada huquqbuzarliklarning oldini olish, ularga samarali qarshi kurashish boʻyicha ishlarni tashkil etish;

ekspertlarni, jumladan, xorijiy mutaxassislar, Ilmiy-ekspert kengashi, Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari aʼzolari mehnatiga haq toʻlash, jamoatchi inspektorlar, Agentlik va hududiy boshqarmalarning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, Agentlik faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha mutaxassislarni fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida jalb etish;

qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan Agentlik faoliyati bilan bogʻliq boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun sarflanadi.

Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

10. Quyidagilar:

2021-2022-yillarda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, muzeylar faoliyatini rivojlantirish va sohani raqamlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq;

2021-2022-yillarda moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarini qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan oʻtkazish, ularning raqamlashtirilgan pasporti va katalogini ishlab chiqishning maqsadli koʻrsatkichlari 5-ilovaga muvofiq;

2021-2023-yillarda moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarining qoʻriqlanadigan tegralarini belgilash va raqamlashtirishning maqsadli koʻrsatkichlari 6-ilovaga muvofiq;

2021-2023-yillarda davlat muzeylaridagi muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini elektron identifikatsiya qilish maqsadli koʻrsatkichlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qoʻyilsinki, ushbu qaror bilan tasdiqlangan maqsadli koʻrsatkichlar 2021-yilda Jamgʻarma va madaniy meros obyektlarini asrash uchun ajratilgan Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi, 2022-2023-yillarda Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda nazarda tutiladi.

11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Agentlik, Fanlar akademiyasi, Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi bilan birgalikda har yarim yil yakunida oʻz hududlarida joylashgan moddiy madaniy meros obyektlari va madaniy boyliklarni aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, asrash va ulardan oqilona foydalanish, muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining but saqlanishi holati haqida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga axborot berib borsin.

Vazirlar Mahkamasi har chorakda mazkur qaror bilan tasdiqlangan “yoʻl xaritasi” va maqsadli koʻrsatkichlarning toʻliq bajarilishini tanqidiy tahlil qilib, Agentlik, tegishli vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari faoliyatiga baho berib borsin.

12. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq moddiy madaniy meros obyektlari va muzeylar sohasidagi davlat xizmatlari 8-ilovaga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan boshlab elektron shaklda koʻrsatiladi. Bunda, ushbu roʻyxatga kiritilgan davlat xizmatlarini koʻrsatishda:

Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yoki arizachining oʻzi bevosita Agentlikning tegishli tuzilmasiga murojaat qilish tartibi joriy etiladi. Arizachining oʻzi bevosita murojaat qilganda uning murojaati Agentlik xodimi tomonidan maxsus elektron tizimda roʻyxatdan oʻtkazilishi shart;

davlat xizmatlari uchun toʻlovlarni elektron shaklda amalga oshirish orqali kvitansiya talab qilish bekor qilinadi;

Agentlik masʼul xodimlari va fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida jalb etilgan mutaxassislar, ekspertlar tomonidan tegishli koʻchmas mulk va koʻchar ashyolar shaxsan ekspertizadan oʻtkaziladi;

ekspertiza oʻtkaziladigan manzil, vaqt va maʼlumot uchun telefon raqamlari hamda davlat xizmati koʻrsatish natijasi haqida SMS yuborish orqali arizachi xabardor qilinadi;

davlat xizmatini koʻrsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyish orqali beriladi.

13. Belgilansinki, moddiy madaniy meros obyektlari, muzey, sport majmualari va boshqa namoyish obyektlari (keyingi oʻrinlarda – namoyish obyektlari):

roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PF–6199-son Farmoni bilan tuzilgan Turizm, sport, madaniy meros, transport logistikasi va xizmatlar sohalarida davlat-xususiy sheriklik hamda raqamlashtirishni rivojlantirish masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tasdiqlanadi;

roʻyxatiga kiritilgan namoyish obyektlariga kirish-chiqish joylarida 2021-yil 1-oktyabrga qadar elektron turniketlar yoki tashrif buyuruvchilarni avtomatik hisobga olishga moʻljallangan boshqa moslamalar “Raqamlashtirish va avtomatlashtirish markazi” DUK tomonidan, jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida oʻrnatilishi hamda ular tegishli yagona elektron tizimga integratsiya qilinishi shart.

2022-yil 1-yanvardan boshlab namoyish obyektlari roʻyxatiga kiritilgan namoyish obyektlarida chiptalar savdosini tegishli yagona elektron tizimga integratsiya qilmagan holda amalga oshirish nazorat-kassa texnikasini va hisob-kitob terminallarini qoʻllash tartibini buzish deb baholanadi.

14. Turizm va sport vazirligi (A.A.Abduxakimov) ikki oy muddatda:

tizimga integratsiya qilinishi lozim boʻlgan namoyish obyektlari roʻyxatini shakllantirsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan roʻyxatning eʼlon qilinishini taʼminlasin;

qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4068-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – turizm va sport vaziri A.A.Abduxakimov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-oktyabr va 2022-yil 1-iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                        Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,
2021 yil 19 iyun