Oʻzbekiston Respublikasi vakili xalqaro konvensiyaning ijro etuvchi organi aʼzosi etib saylandi

    Dolzarb 12 Fevral 2021 2487

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa Iqtisodiy komissiyasi rahnamoligi ostida 1975-yil noyabr oyida Jeneva shahrida boʻlib oʻtgan konferensiyada Xalqaro yoʻllarda tashish kitobchasini qoʻllagan holda yuklarni xalqaro tashish toʻgʻrisidagi bojxona konvensiyasi koʻrib chiqilgan. Ushbu konferensiya qatnashchilarining koʻpchilik ovozi bilan xalqaro yuk tashish qonun-qoidalari qabul qilinib, shundan buyon u asosiy universal tranzit tizimlaridan biri boʻlib qolmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi ushbu konvensiyaga 1996-yil 28-martda aʼzo boʻldi. Ushbu konvensiyasining asosiy gʻoyasi va prinsiplari koʻplab boshqa tranzit tizimlarini asosi hisoblanadi. Shu bilan birga, u bevosita yoki bilvosita xalqaro transportda yuk tashishga toʻliq va avtomobilda yuk tashishda qisman soddalashtirishda nafaqat Yevropa va Oʻrta Sharqda, balki Afrika va Lotin Amerikasi mintaqalarida ham yordam bermoqda.

    Bugungi kunda, Oʻzbekiston Respublikasi Konvensiyaga aʼzo 77 ta davlatlar oʻrtasida TIR Karnet kitobchalaridan eng koʻp foydalanadigan davlatlardan biri hisoblanadi va bu borada 6 oʻrinni egallaydi. Respublikamiz hududida xalqaro tashuvlarni amalga oshirayotgan har uchinchi avtomobil transporti TIR Karnet kitobchasi asosida tashuvlarni amalga oshiradi.

    TIR Karnet kitobchasi – bojxona maqsadlarida foydalaniladigan, tovarlarni avtomobil transportida xalqaro tashish uchun moʻljallangan
    va kafolat bilan taʼminlangan xalqaro yuk-kuzatuv hujjati hisoblanadi.

    Joriy yil 11-fevral kuni Konvensiyaning Ijro etuvchi kengashi aʼzoligiga saylovlar oʻtkazildi.

    Konvensiyaga muvofiq, Ijro etuvchi kengash – Konvensiyaning nazorat organi hisoblanib, TIR Karnet kitobchalari asosida amalga oshiriladigan xalqaro tashuvlarda qatnashadigan barcha tomonlarni Konvensiya qoidalariga rioya qilishini taʼminlovchi transport va bojxona sohasidagi nufuzli organ hisoblanadi.

    Oʻtkazilgan saylovlarda 54 ta davlatlarning vakillari qatnashgan boʻlib, Ijro etuvchi kengashning 9 ta aʼzolari saylandi. Ovoz berish natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasidan ilk marotaba Konvensiyaning Ijro etuvchi kengashi aʼzoligiga 2021-2022-yillar uchun Davlat bojxona qoʻmitasi Bojxona nazoratini tashkil etish boshqarmasi boshligʻi Kabulov Rustam Kaxramonovich saylandi.

    Shuningdek, ushbu organ aʼzosi sifatida Oʻzbekiston vakilidan tashqari qoʻyidagi nomzodlar saylandi:

    1. Sergey Amelyanovich (Rossiya Federatsiyasi);
    2. Mostafa Ayati (Eron Islom Respublikasi);
    3. Marko Champi (Italiya);
    4. Piyerri-Djin Labori (Yevropa Komissiyasi);
    5. Xugo Richard Mayer (Avstriya);
    6. Farid Valiyev (Azerbaydjan);
    7. Pinar Yalchin Bastirmachi (Turkiya);
    8. Karolin Zuidgist (Niderlandiya).