Unda Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi (keyingi oʻrinlarda – Kengash) aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari raislari ishtirok etishdi.
Oliy Majlis Senati Raisi, Respublika kengashi raisi Tanzila Narbayeva olib borgan yigʻilishda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohaga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash boʻyicha 2021-yilga moʻljallangan chora-tadbirlar rejasining birinchi chorakdagi ijrosi muhokama qilindi.
Yigʻilishda shu yilning oʻtgan davrida ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy-huquqiy sohadagi bir qator xalqaro reytinglarda Oʻzbekistonning oʻrni yaxshilanganligi taʼkidlandi.
Xususan, Jahon bankining Statistik salohiyat indeksida Oʻzbekiston 2020-yilda 2019-yilga nisbatan 16 pogʻonaga koʻtarilib, 146 ta mamlakat orasida 61-oʻrinni egallagan boʻlsa, Jahon mamlakatlari demokratiyasi indeksida mamlakatimizning oʻrni 2020-yilda 2 pogʻonaga yuqorilab, 167 ta mamlakat ichida 155-oʻrinni egallagan. Global innovatsion indeksda Oʻzbekiston jami 100 balldan 24,54 ball bilan 2015-yilga nisbatan oʻz oʻrnini 29 pogʻonaga yaxshilab, 131 ta mamlakat orasida 93-oʻrinni, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari orasida esa
4-oʻrinni qayd etdi.
Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun indeksi”da Oʻzbekiston xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik boʻyicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritilib, 70,6 ball bilan 5 pogʻonaga yuqorilab, 190 ta davlat orasidan 134-oʻrinni (2019-yilda – 139-oʻrin) egallagan.
Shu bilan birga yigʻilishda xalqaro reytinglar va indekslarning tarkibiy indikatorlarida mamlakatimiz oʻrnini yana-da yaxshilash maqsadida joriy yilda amalga oshirilishi moʻljallangan chora-tadbirlar rejasiga qoʻshimchalar kiritishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” va qoʻshimcha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Yigʻilishda xalqaro reyting va indekslar boʻyicha samaradorlikning eng muhim koʻrsatkichlariga (KPI) erishish uchun amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Kengash aʼzolari – innovatsion rivojlanish vaziri I.Abduraxmonov hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari D.Saidjanovning axborotlari eshitildi.
Yigʻilish yakunida Respublika kengashi aʼzolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olib, Kengashning tegishli qarori qabul qilinib, kelgusida amalga oshiriladigan ishlar kelishib olindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.