Konstitutsiya insonning huquq va erkinliklarining mazmunini, ularning himoyasini, barcha davlat organlari va mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini belgilab beradi.

Insoning huquq va erkinliklari Konstitutsiya orqali taʼminlanadi.

Taʼkidlash joizki, Konstitutsiyada O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi, shuningdek iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligi, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofazasi kafolatlanishi belgilangan.

Insoning huquq va erkinliklarining kafolatlarini yanada kuchaytirishda normativ-huquqiy hujjatlar salmoqli o‘rin egallaydi.

Bunda, normativ-huquqiy hujjatlarning ishlab chiqilishi, ularning huquqni qo‘llash amaliyotida to‘g‘ri talqin qilinishi va noaniqliklarni keltirib chiqarmasligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu borada normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqishda ushbu hujjat normalari fuqarolarning huquq va erkinliklarini, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda, xususiy mulkni himoyasini kafolatlashda normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini tartibga solish taʼsirini baholash instituti muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda, tartibga solish taʼsirini baholash instituti normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish samaradorligini oshirishning muhim vositasiga aylanmoqda. Ushbu institut ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi uchun ushbu institut nisbatan yangi hisoblanadi.

Taʼkidlash joizki, kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi tashabbusi bilan ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash maqsadida O‘zbekistonda tartibga solish taʼsirini baholash tizimini joriy etish imkoniyatini o‘rganish jarayoni boshlangan.

Bunda, 2006-yilga kelib respublikada tartibga solish taʼsirini baholash tizimini yaratishga qaratilgan tayyorgarlik boshlangan.

Mamlakatimizda tartibga solish taʼsirini baholash tizimi ishlab chiqilayotgan qonun hujjatlari loyihalarining hamda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholashga qaratilgan bo‘lib, uning obyekti sifatida qo‘yidagilarni nazarda tutuvchi ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari hisoblanadi:

- tadbirkorlik subyektlariga yangi cheklovlar va yangi turdagi ruxsat berish tartib-taomillari, litsenziyalar joriy qilish yoki mavjud cheklov, ruxsat berish tartib-taomillari va litsenziyalanadigan faoliyat turlarini tadbirkorlik subyektlarining yana-da kengroq doirasiga tatbiq qilish;

- ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni yoki litsenziyalarni olish uchun qo‘shimcha talablar va shartlarni joriy etish;

- tadbirkorlik subyektlari tomonidan ancha xarajatlar qilishga olib kelishi mumkin bo‘lgan talablar (shartlar)ni joriy etish;

- tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar ustav kapitalining eng kam miqdoriga nisbatan talablarni oshirish;

- tegishli sohadagi tadbirkorlik subyektlarining 30 va undan ortiq foizining huquq va qonuniy manfaatlariga taʼsir ko‘rsatish;

- tadbirkorlik subyektlarining belgilangan huquqlarini qisqartirish (kamaytirish) yoki qo‘shimcha majburiyatlar joriy qilishni;

- tadbirkorlik subyektlari uchun yangi turdagi javobgarlik choralarini joriy qilish;

- tadbirkorlik subyektlariga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar va boshqa turdagi imtiyoz, kafolat va preferensiyalarni belgilashni, shuningdek tadbirkorlik subyektlariga yangi huquqlar berishni nazarda tutuvchi normalar [7].

Quyidagilar ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihalarining va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholashning maqsadlari hisoblanadi:

  • muammoni, uni tartibga solishning maqsadi va mavjud yechimini tahlil qilish orqali normativ-huquqiy hujjatni qabul qilishda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan (vujudga kelgan) ijobiy va salbiy oqibatlarni aniqlash;
  • ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasida va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida korrupsiya, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan, tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha maʼmuriy hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan yoki joriy etishga sharoit yaratadigan qoidalarni aniqlash;
  • tadbirkorlik subyektlarida asossiz xarajatlar paydo bo‘lishiga olib keluvchi qoidalarni aniqlash [1].

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, ushbu institut biznes va davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning shakllantirish uchun muhim ahamiyati ega bo‘lgan tizimdir.

Iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarning ushbu soha yuzasidan ilg‘or ijobiy tajribasi o‘rganilganda qo‘yidagilar maʼlum bo‘ldi.

Tartibga solish taʼsirini baholash tizimi xorijda XX asrning 80-yillaridan boshlab faol qo‘llanib kelinmoqda va ushbu tizimga davlat (ochiq) boshqaruvi (Public Administration) sifatida qaraladi [2].

Ushbu institut vatani Daniya hisoblanadi. O‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab bu yerda davlat qarorlarining mustaqil baholash shuningdek ushbu qarorlarning fuqarolar hayoti va biznesga taʼsirini    baholashning amalga oshirish boshlangan. 1997 yildan boshlab maʼmuriy to‘siqlar va ularning iqtisodiyotga taʼsiri to‘g‘risidagi yillik hisobotlar eʼlon qilish tajribasi yo‘lga qo‘yildi.

Buyuk Britaniyada tartibga solish taʼsirini baholash tartib-taomillari boshlanishi 1985 yilga to‘g‘ri keladi va ushbu tizim “Deregulyatsiya tashabbusi”, deb ataladi.

1998 yilga kelib tartibga solish ko‘lami yanada rivojlandi va kengaydi. Ushbu tartib-taomillarni amalga oshirish bevosita Buyuk Britaniya hukumati tomonidan amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.

Taʼkidlash joizki, Buyuk Britaniyada har bir vazirlik tizimida tartibga solish taʼsirini baholash boshqarmasi mavjud.

Buyuk Britaniyada ushbu institutga nisbatan o‘zgacha yondashuv ko‘zga tashlanadi. Inglizcha yondashuvning asosiy xususiyatlaridan biri shundan iboratki, bu yerda tartibga solish taʼsirini umumiy baholashdan ko‘ra, eʼtibor xarajatlarni baholashga qaratiladi.

Mamlakatda ushbu sohada doimiy ravishda tajriba almashuvi amalga oshiriladi, Milliy audit idorasi tomonidan ushbu sohada erishilgan yutuqlarni yillik tahlili olib boriladi [3].

Germaniya tajribasini o‘rganish mobaynida qo‘yidagilar maʼlum bo‘ldi.

Germaniyada ushbu institut juda rivojlangan bo‘lib, amaldagi qonunchilikka ko‘ra xar bir vazirlik normativ-huquqiy hujjat loyihasining ishlab chiqish bosqichidan boshlab tartibga solish taʼsirini baholashni amalga oshirishga majbur hisoblanadi.

Tartibga solish tasirini baholash sifati uchun Ichki ishlar, Moliya hamda Iqtisodiyot vazirliklari masʼul hisoblashishadi.

Germaniyaning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri - xarajatlarni hisoblash chuqurlashgan metodologiya asosida olib borilishi hisoblanadi. Ushbu metodologiya bevosita va bilvosita xarajatlar, soliqlar, ish bilan bandlik, ekologiya va tadbirkorlik faoliyatiga negativ taʼsir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qarorlarni aniqlash va bartaraf etish qaratilgan. Ushbu jarayon to‘rt haftadan bir yilgacha davom etishi mumkin [4].

Yuqorida keltirilgan davlatlarning mazkur sohadagi ilg‘or tajribasi shuni ko‘rsatadiki, tartibga solish taʼsirini baholash instituti biznesni boshqarishda istiqbolli hisoblanib, davlat tomonidan ortiqcha boshqarishni istisno etadigan tizimdir.

Ushbu institutning keng joriy etish maʼlum bir qaror qabul qilish jarayonida ushbu qaror yuzasidan chuqur tahlil o‘tkazishni va ushbu jarayonga biznes hamjamiyatini keng jalb etishni talab qiladi.

Shuni taʼkidlash joizki, tartibga solish taʼsirini baholash tizimi joriy etish qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning avtomatik ravishda sifati oshishiga olib kelmaydi.

Tartibga solish taʼsirini baholash tizimi haqiqatdan ham samarali ishlab ketishi uchun ushbu tizim davlat rivojlanish strategiyasini ajiralmas bir qismi bo‘lishi hamda ushbu jarayonda biznes hamjamiyatning bevosita ishtiroki taʼminlanishi lozim.

Bobur Muqumov

Toshkent davlat yuridik universiteti

Intellektual mulk huquqi kafedrasi o‘qituvchisi

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

  1. Jacobs S.H. An Overview of Regulatory Impact Analysis in OECD coun-tries. Regulatory Impact Analysis: Best Practices in OECD countries. Paris. OECD publications. URL: www.oecd.org/gov/regulatorypolicy/35258828.pdf//
  2. Kirkpatrick C., Parker D. Regulatory Impact Assessment and Regula-tory Governance in Developing Countries // Public Administration and De-velopment. Vol. 24.
  3. Better Regulation Framework Manual. Practical Guidance for UK Government Officials. July 2013. URL: www.gov.uk/government/uploads/system/uploads/attachment_data/file/211981/bis-13-1038-better-reg-ulation-framework-manual-guidance-for-officials.pdf.
  4. Хантингтон С. Политический порядок в меняющихся обществах. — М.: Прогресс-Традиция/
  5. https://www.uz.undp.org/content/uzbekistan/ru/home/presscenter/pressreleases/2015/05/14/regulatory-impact-assessment-for-modernization-of-lawmaking-and-//