Muhokamalarda taʼkidlanganidek, Qonun fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining maqomini hamda saylov tizimini takomillashtirishga, saylov ishtirokchilarining huquqiy kafolatlarini kuchaytirishga, shu jumladan, mahalliy Kengashlarga saylovlar boʻyicha saylov qonunchiligidagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etishga qaratilgan.
Qonun bilan har yillik mahalliy byudjetlarda boʻshab qolgan deputatlik oʻrinlari uchun saylovlarga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish tartibi, shuningdek, ushbu jarayonda Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari belgilanadi.
Ushbu oʻzgarishlar vakillik organlari faoliyatining samarali tashkil etishga xizmat qilishi, fuqarolarning oʻz vakillari orqali davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etishga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqlarini har tomonlama amalga oshirishlari uchun shart-sharoit yaratadi.
Senatorlar Qonun bilan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasidan kelib chiqib, qonunchilikka ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylov va referendumda ishtirok etishga oid huquqlarini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha kafolatlar belgilanganligini ham qayd etdilar.
Qonun fuqarolar yigʻinlari faoliyatining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashi qayd etildi. Xususan, Qonunda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va fuqarolar yigʻini raisining maqomiga oid ayrim qonun hujjatlarining normalari yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 127-moddasiga muvofiqlashtirilyapti.
Senatorlar tomonidan Qonun bilan boʻshab qolgan oʻrinlarga hamda yangi tashkil etilgan maʼmuriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini oʻtkazish tartibi bilan bogʻliq ayrim huquqiy boʻshliqlar ham bartaraf etilayotganligi taʼkidlandi.
Yalpi majlisda Qonun bilan taklif etilayotgan yangi normalar va tartib-taomillar Yevropa Ittifoqi, Gruziya, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Belarus, Armaniston, Ukraina kabi xorijiy mamlakatlar tajribasiga hamohangligi taʼkidlandi.
Muhokamalar davomida Qonun xalqaro standartlar, xususan, Yevropa Kengashi Venetsiya komissiyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tavsiyalari, Demokratik saylovlar, saylovga doir huquq va erkinliklar standartlari toʻgʻrisidagi konvensiya talablariga mos ekanligi taʼkidlandi.
Senatorlar Qonun saylov tizimini takomillashtirishga, saylov ishtirokchilarining huquqiy kafolatlarini kuchaytirishga, fuqarolar yigʻinlari faoliyatining va referendumda ishtirok etishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdilar.
Muhokama yakunida senatorlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun maʼqullandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.