Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda sud-huquq sohasini tubdan isloh etishga, qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini roʻyobga chiqarishga qaratilgan keng qamrovli huquqiy-tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan taʼminlanishini takomillashtirish borasida qator chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Biroq, qonun va qonun osti hujjatlarini yana-da tartibga solish doiralarini belgilash, ularda jismoniy va yuridik shaxslar uchun javobgarlikni, shuningdek xoʻjalik boshqaruvi organlarining vakolatlariga kiruvchi masalalarni hamda korporativ munosabatlarni tartibga solishni nazarda tutadigan huquqiy normalar aniq belgilash taqozo etmoqda.

Qonun 14 ta moddadan iborat. Unga muvofiq 7 ta kodeks hamda 5 ta qonunga, xususan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Byudjet, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi va Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodekslariga, shuningdek “Notariat toʻgʻrisida”gi,

“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi, “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida”gi hamda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda hamda mazkur jinoyatlarni malakalashda va huquqni qoʻllashda yagona amaliyot shakllanishi taʼminlanmoqda.

Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanib, maʼmuriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 42-moddasida nazarda tutilgan sanksiya yangi tahrirda qabul qilinmoqda hamda mazkur modda ikkinchi qism bilan toʻldirilmoqda.

Oʻsimlik dunyosi obyektlarini yigʻish, tayyorlash va ulardan foydalanish tartibini buzganlik uchun, shuningdek Ozon qatlamiga zararli taʼsir koʻrsatishning oldini olishga doir talablarni buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi sifatida qayd etilmoqda.

Shuningdek, “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga “yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnoma” tushunchasi, yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnoma tuzish uchun asoslar, transport vositalari egalari va sugʻurtalovchilarning yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnoma tuzish chogʻidagi harakatlari bilan bogʻliq normalar kiritilmoqda.

“Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida”gi Qonunning 20-moddasi yangi tahrirda qabul qilinib, Hisob palatasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi ekspertizasini va oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya tahlilini oʻtkazish sohasidagi vazifalari belgilanmoqda.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi kiritilishi aholi salomatligini asrash, shuningdek kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qoʻyishga, bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.