Oʻzbekiston Respublikasining JSTga aʼzo boʻlish jarayoni uch tomonlama yigʻilishda muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 3 Noyabr 2022 1939

    Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida vazir oʻrinbosari Badriddin Abidov hamda Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha Ishchi guruhi raisi, Koreya Respublikasining Jenevadagi elchisi Li Texo va JST Kotibiyatining Tashkilotga aʼzo boʻlish boʻlimi direktori Mayka Oshikava oʻrtasida videokonferensaloqa orqali uch tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishining bugungi holati va mamlakatimizning Tashkilotga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruhning 6-yigʻilishini tashkil etish masalalari muhokama etildi.

    Suhbat ishtirokchilariga Ishchi guruhning boʻlajak yigʻilishini tashkil etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Ishchi guruhning 6-yigʻilishini oʻtkazish uchun Oʻzbekiston tomonidan JST Kotibiyati va Tashkilotga aʼzo mamlakatlarga barcha zarur hujjatlar topshirilgani alohida taʼkidlandi. Taʼkidlanganidek, JSTga aʼzo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar va avvaldan rejalashtirilgan tadbirlarni oʻz vaqtida tashkil etish maqsadida tashkilot kotibiyati bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilyapti.

    Uchrashuvda zarur hujjatlarni tayyorlash va Tashkilotga aʼzo mamlakatlar bilan tizimli hamkorlik qilish doirasida Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilgan salmoqli ishlar hajmi qayd etildi. Tomonlar, shuningdek, Tashkilot tadbirlarining koʻpligiga qaramay, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruhning 6-yigʻilishini tashkil etish va oʻtkazishda har tomonlama yordam koʻrsatishga hamda mamlakatimizning Tashkilotga kirishi boʻyicha kelgusidagi jarayonga maslahat va texnik yordam koʻrsatishga toʻliq tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.