O‘zbekiston elchixonasi xodimlari Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar institutida o‘tkazilgan dunyo xalqlari madaniyati va sanʼatiga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etishdi.
Diplomatiya missiyasi tomonidan ko‘rgazma uchun maxsus O‘zbekiston stendi tashkil etildi. Uning vositasida mamlakatimizning sanoat, sarmoyaviy va sayyohlik salohiyatiga doir materiallar, xalq hunarmandchiligi namunalari, yurtimiz madaniyati va tarixi, shu jumladan, Buyuk Ipak yo‘lining marvaridlari - Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari to‘g‘risida kitob va jurnallar namoyish etildi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning diqqatga sazovor sayyohlik manzillari, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan yuqori texnologiyali va innovatsion korxonalarga oid materiallar, shuningdek, joriy yilda respublikamizda o‘tkazilishi rejalashitirilgan xalqaro iqtisodiy forum va ko‘rgazmalar to‘g‘risidagi maʼumotlar bilan ham yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov O‘zbekiston stendiga tashrif buyurib, xalqimizning boy tarixi va madaniyatiga yuksak baho berdi.
O‘zbek xalq amaliy sanʼati namunalari hamda respublikamizning zamonaviy muvaffaqiyatlariga oid materiallar bilan tanishar ekan, vazir turkman tomoni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da rivojlantirish va kengaytirish tarafdori ekanligini taʼkidladi.
O‘zbekiston stendi, shuningdek, Turkmaniston hukumati aʼzolari, deputatlar, turkman jamoat tashkilotlari va OAV vakillari, qator oliy o‘quv yurtlarining o‘qituvchi va talabalari hamda ushbu mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatiya missiyalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari hamda xodimlarining eʼtirofiga sazovor bo‘ldi.