Shu yil 9-aprel kuni Prezidentimiz raisligida hududlarning turizm salohiyatini yanada oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan oʻtkazilgan videoselektorda soʻnggi yillarda mamlakatimiz turizm eksporti 1,6 karra oshib, 3,5 milliard dollarga yetgani qayd etildi. Bu sohada 2000 dan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. Muhimi, oʻtgan yili xorijlik sayyohlar oqimi ilk bor 10 millionlik marradan oʻtdi.
Oʻzbekiston turizm sohasida ulkan salohiyatga ega. Yurtimizda 7300 dan ortiq madaniy meros obyekti mavjud va ularning aksariyati YUNESKO roʻyxatiga kiritilgan. Shu bilan birga, mamlakatimiz betakror tabiati, goʻzal dam olish maskanlari imkoniyatidan foydalanib, yangi turistik yoʻnalishlarni ochish mumkin. Mazkur sohaga jahon brendlarini faol jalb etgan holda ziyorat, ekologik, maʼrifiy, etnografik, gastronomik turizm va sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratish zarur.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 15-maydagi “2025-2026-yillarda sayyohlar oqimini keskin koʻpaytirish va turistik xizmatlar koʻlamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi oʻrni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni turizm sohasini iqtisodiyotning muhim strategik tarmogʻi sifatida yanada rivojlantirish, sayyohlar oqimini keskin oshirish, yangi turizm obyektlarini tashkil etish, sohadagi tadbirkorlarni qoʻshimcha ravishda qoʻllab-quvvatlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda mavjud ish oʻrinlarini saqlab qolishga qaratilgan. Ushbu hujjatda 2025-yil yakuniga qadar turizm sohasining asosiy maqsadli koʻrsatkichlari belgilab berilgan. Jumladan, mamlakatga xorijlik 15,8 million sayyohning safarini tashkil etish va turizm xizmatlari eksportini 4 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, ichki turizmni rivojlantirish hisobiga mahalliy 40 million sayyohning hududlarga safarini uyushtirish hamda qoʻshimcha 378 ta turoperator faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
2025-yil iyundan boshlab “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun har oyning ikkinchi haftasidagi shanba va yakshanba kunlari “Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni” etib belgilab qoʻyildi.
Aksariyat mamlakatlar, xususan, bozor munosabatlariga oʻtish davridagi mintaqalar iqtisodiyoti uchun turizmni rivojlantirish milliy daromadni diversifikatsiya qilish, xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash va ijtimoiy taraqqiyotni ragʻbatlantirishning muhim vositasiga aylanmoqda.
Joylarda turizmning rivojlanishi valyuta oqimini koʻpaytirish, aholi bandligini oshirish hamda kichik va oʻrta biznesning kengayishi, infratuzilma talab darajasida yaxshilanishi hisobiga yalpi ichki mahsulot oʻsishiga xizmat qiladi. Turizm tufayli infratuzilma rivojlanadi, mahalliy aholining turmush darajasi yaxshilanadi va daromadi ortadi. Xorijiy tillar, milliy meros hamda qadriyatlarimizni bilish orqali aholining madaniy savodxonligi yuksalib boradi. Turizm milliy urf-odatlar, qadimiy anʼanalar va hunarmandchilikni saqlashga yordam berishi bilan ham ahamiyatlidir. Mamlakatimiz har bir hududining xorijlik sayyohlar uchun nechogʻliq jozibadorligini his etgan mahalliy aholida oʻz yurtiga qiziqish yanada ortadi.
Turizmning faol rivojlanishi mamlakatning xalqaro maydondagi obroʻsini oshirib, imijini mustahkamlash va madaniyatlararo aloqalarni yaxshilashga yordam berishi bilan birga, atrof-muhitni muhofaza qilishga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Jamiyat aʼzolarining ekologik madaniyatini oshiradi va tabiat neʼmatlaridan samarali foydalanishga imkon beradi. Soʻnggi yillarda yurtimizda milliy bogʻlar, qoʻriqxonalar yaratish va ekoturizmni rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlar timsolida ham buni yaqqol koʻrish mumkin.
Bundan tashqari, yurtimiz ulkan sayyohlik salohiyatiga ega. Davlatimiz nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyoda sayyohlik markazlaridan biri sifatida eʼtirof etiladi. Oʻzbekistonda oʻtmishning turli davrlariga xos noyob tarixiy-meʼmoriy ansambllar mavjud boʻlib, qadimiy shaharlardagi zamonaviy arxitektura oʻtgan asrlardagi milliy meʼmorchilik yodgorliklari bilan uygʻunlashgan. Bu faqat mamlakatimizga xos xususiyatdir.
Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati yuqori boʻlgan 12 ta tumani va shahrida turizm markazlari tashkil etilgan. Ularda tunu kun ishlaydigan restoran, kafe, sogʻlomlashtirish va basseyn xizmatlari yoʻlga qoʻyilmoqda. Zomin, Chimyon, Amirsoy, Miraki kabi kurort zonalar hamda koʻngilochar majmualarda xalqaro brendlar, milliy ipak matolar, suvenir, zargarlik mahsulotlari doʻkonlari ochilmoqda. Buning uchun 2027-yil 1-yanvargacha turizm markazlaridagi tadbirkorlarning yer va mol-mulk soligʻini belgilangan miqdordan 90 foiz kamaytirish, 2026-yil 1-martgacha zargarlik va oltin mahsulotlari uchun kerak boʻladigan asbob-uskunalar va texnologiyalarni bojxona bojidan ozod qilish choralari koʻrilmoqda.
Hududlarda turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlanyapti. Jumladan, soʻnggi sakkiz yilda sayyohlik sohasiga 6 milliard 500 million dollar sarmoya kiritilib, 130 mingta mehmon oʻrni ochildi. Mamlakatda 20 ta turizm qishlogʻi faoliyat yurityapti. Boʻstonliq tumanida “Amirsoy”, “Ugam River” turizm zonalari tashkil etildi. Parkent tumanidagi Oltin bel choʻqqisida yangi xalqaro togʻ-changʻi zonasi barpo etildi.
Shuningdek, oʻtgan yillardan boshlab “Oʻzbekistonda yana bir kun sayohat” dasturi amalga oshirilmoqda. Unga koʻra, viloyatlararo turizm obyektlarini oʻzaro bogʻlovchi “respublika turizm halqalari” hamda tuman va shaharlar oʻrtasida “hududiy turizm halqalari” tashkil etilmoqda.
“Toʻrt faslning har birida sayohat” dasturi amalga oshirilib, bahor va kuz fasllarida ekologik, ekstremal, tibbiy va sogʻlomlashtirish, yozda suv havzalari va oromgohlar, qishda ekstremal turizm va togʻ-changʻi zonalarining imkoniyatlari targʻib qilinyapti. Mazkur turizm mavsumlarining ochilishi uchun festivallar uyushtirilmoqda.
Bularning barchasi Oʻzbekiston turizmi jadal rivojlanayotganidan va bu ishni davom ettirishga mamlakatda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy muhit yaratilganidan dalolat beradi. Ichki va tashqi sayyohlikning jadal rivojlanishi yurtimizning xalqaro maydondagi mavqeini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Erkinjon BOTIROV,
iqtisodiyot fanlari doktori