O‘zbekiston sayyohlik salohiyati Misrning yetakchi radiolari orqali targ‘ib qilinmoqda

    Misrning ommabop radiokanallarida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyat targ‘ibotiga bag‘ishlangan eshittirishlar efirga uzatilmoqda.

    Jumladan, shu yil avgust oyida eʼtiboran ushbu mamlakatning «Nogoum FM-100.6» va «Nile FM-104.2» radiokanallarida O‘zbekistonning turistik salohiyatiga bag‘ishlagan radioroliklar misrlik tinglovchilar eʼtiboriga havola qilinmoqda. Ushbu materiallar bir oy davomida ushbu kanallar orqali uzatiladi.

    Yigirma soniya davom etadigan ingliz va arab tillaridagi mazkur eshittirishlarda mamlakatimizning Ziyorat turizmi imkoniyatlari, islom olamida mashhur bo‘lgan Samarqand, Buxoro va Xorazm kabi tarixiy shaharlarimiz haqidagi muhim maʼlumotlar o‘rin olgan. Shuningdek, Misr aholisi tomonidan qadrlanadigan buyuk allomalarimiz Imom Buxoriy, Ibn-Sino, Xorazmiy, Zamaxshariy va Imom Moturidiy hayotiga oid muhim dalillar tinglovchilarga yetkazilmoqda.

    Radio eshittirishlar davomida, misrliklar O‘zbekistonga sayyohat qilishga, milliy o‘zbek oshxonasi, go‘zal tabiat manzaralari va betakror shaharlarimiz arxitekturasidan bahramand bo‘lishga daʼvat etilyapti.